MDH makonida xalqlarni yaqinlashtiruvchi madaniyat, axborot, turizm va sport sohalari yanada rivojlantiriladi
Toshkent shahrida Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) Parlamentlararo assambleyasi Madaniyat, axborot, turizm va sport bo‘yicha doimiy komissiyasining sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston parlamentlari a’zolari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev mazkur tadbir O‘zbekiston uchun MDH mamlakatlari o‘rtasidagi parlamentlararo muloqotni mustahkamlash, gumanitar aloqalarni kengaytirish va amaliy hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Majlisda arxiv ishi, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish, adaptiv jismoniy tarbiya, talabalar va professional sport, ijodiy uyushmalar faoliyati sohalarida namunaviy qonun hujjatlarini ishlab chiqish va takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Tarixiy xotirani saqlash va turizm sohasida favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda MDHga a’zo davlatlarning o‘zaro hamkorligi sohasidagi milliy qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar tayyorlash zarurligi qayd etildi.
Ishtirokchilar fikricha, madaniyat, axborot, turizm va sport sohalari MDH xalqlarini yaqinlashtirish, umumiy tarixiy-madaniy merosni asrab-avaylash, o‘zaro anglashuvni mustahkamlash hamda yosh avlodni do‘stlik va hurmat ruhida tarbiyalashda alohida o‘rin tutadi.

Ushbu yo‘nalishlarda parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, yoshlar, ta’lim va madaniy almashinuvlarni rivojlantirish, barqaror turizmni qo‘llab-quvvatlash hamda ommaviy sportni ommalashtirish juda muhim.
Majlisda doimiy komissiyaning vakolatiga doir boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
N.Abduraimova,
O‘zA