MDH — ishonch, hamkorlik va umumiy taraqqiyot makoni
Shu yil 8-oktabr kuni Turkmanistonning “Avaza” milliy sayyohlik hududida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda mintaqada o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga oid qator yo‘nalishlar muhokama qilinib, galdagi vazifalar belgilab olindi.
Uchrashuvda davlatimiz rahbari nutq so‘zlab, mintaqa hayotiga oid muhim tashabbuslar ilgari surildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulchehra Tojiboyeva o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi davlat rahbarlari kengashining tor doiradagi majlisidagi ishtiroki va ilgari surgan tashabbuslari mamlakatimizning ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan izchil siyosatining muhim ifodasidir.

Bugungi murakkab xalqaro sharoitda davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlash, mavjud imkoniyatlardan birgalikda foydalanish va umumiy muammolarga hamjihatlikda yechim topish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi doirasidagi muloqot nafaqat siyosiy munosabatlarni rivojlantirish, balki iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun ham muhim maydon hisoblanadi.
Davlatimiz rahbari nutqida iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va o‘zaro investitsiyalarni ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Bunda oddiy tovar ayirboshlash bilan cheklanib qolmasdan, birgalikda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish, ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish va ularni tashqi bozorlarga olib chiqish muhim vazifa sifatida belgilanmoqda.
Bunday yondashuv mamlakatlar iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish, tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish, zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish va aholi bandligini ta’minlashga xizmat qiladi. Zero, iqtisodiy hamkorlikning haqiqiy samarasi yangi korxonalar, investitsiya loyihalari, munosib ish o‘rinlari va aholi daromadlarining o‘sishida namoyon bo‘ladi.
Shuningdek, erkin savdo hududining imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish, savdodagi texnik to‘siqlarni kamaytirish, mahsulotlar harakatini soddalashtirish va transport-logistika aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha bildirilgan takliflar ham dolzarbdir. Transport yo‘laklarini diversifikatsiya qilish, zamonaviy logistika markazlarini rivojlantirish va tashish xarajatlarini qisqartirish O‘zbekistonning eksport salohiyatini oshirish, tadbirkorlarimizning yangi bozorlarga chiqishi uchun qo‘shimcha sharoit yaratadi.
Oziq-ovqat xavfsizligi masalasi ham mintaqaviy hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri. Aholi ehtiyojlarini barqaror ta’minlash, qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mahsulotlarni saqlash va yetkazib berish tizimini takomillashtirish hamda savdo aloqalarini mustahkamlash bugungi kunning muhim vazifalaridan. Bu borada davlatlar o‘rtasidagi tajriba almashinuvi va muvofiqlashtirilgan harakatlar katta ahamiyatga ega.
Energetika va ekologik barqarorlik masalalari ham zamonaviy taraqqiyotning ajralmas qismiga aylanmoqda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, energiya samaradorligini oshirish, kam uglerodli texnologiyalarni joriy etish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha hamkorlik kelajak avlodlar oldidagi muhim mas’uliyatdir. Iqlim o‘zgarishi va ekologik muammolar chegara bilmasligini hisobga olsak, bu yo‘nalishdagi hamkorlikning ahamiyati yanada ortadi.
Sammitda kiberjinoyatchilik va internet orqali sodir etiladigan firibgarlikka qarshi kurashish masalasiga e’tibor qaratilgani ham ayni muddao. Raqamli texnologiyalar hayotimizning barcha sohalariga chuqur kirib borayotgan bir sharoitda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari, moliyaviy mablag‘lari va huquqlarini himoya qilish ustuvor vazifaga aylanmoqda. MDHning Qo‘shma aloqa markazini tashkil etish tashabbusi transchegaraviy kiberjinoyatlarga qarshi tezkor axborot almashinuvi va hamkorlikni kuchaytirish uchun muhim mexanizm bo‘lishi mumkin.
Alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekistonning 2027-yilda MDHga raislik qilishi mamlakatimiz uchun ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, yangi tashabbuslarni ilgari surish va mavjud kelishuvlarni amaliy natijalar bilan boyitish imkoniyati.
Umuman, Prezidentimiz ilgari surayotgan tashabbuslarning zamirida bir muhim maqsad mujassam: davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni aniq amaliy natijalar bilan mustahkamlash va uning samarasini har bir inson hayotida namoyon etish. Iqtisodiy o‘sish, yangi ish o‘rinlari, xavfsiz raqamli muhit, ekologik barqarorlik va yoshlar uchun keng imkoniyatlar — bularning barchasi samarali hamkorlikning muhim natijalari.
Ishonch, o‘zaro hurmat va mushtarak manfaatlarga asoslangan munosabatlar mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishi uchun mustahkam zamin yaratadi. Zero, bugungi hamkorlikka yo‘naltirilgan sa’y-harakatlar nafaqat bugungi kun vazifalarini hal etish, balki kelajak avlodlar uchun ham tinch, xavfsiz va farovon hayotni ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA