MDH ichki ishlar vazirliklari vakillari muloqoti samarali o‘tdi
Toshkentda MDHga ishtirokchi-davlatlar ichki ishlar vazirliklarining jinoyatchilikka qarshi kurashish tuzilmalari rahbarlarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston ichki ishlar vazirliklari hamda MDH hududida uyushgan jinoyatchilik va boshqa xavfli jinoyatlarga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish Byurosi delegatsiyalari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mintaqada narkojinoyatchilikka qarshi kurashish, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish hamda transmilliy jinoiy tarmoqlar faoliyatini bartaraf etishga qaratilgan tashabbus va takliflar yuksak baholandi.
Shuningdek, mazkur tashabbuslar mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasida amaliy hamkorlikni kengaytirish hamda axborot almashinuvi mexanizmlarini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Yig‘ilish kun tartibiga ko‘ra, xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash jarayonida hamkorlikni yanada rivojlantirish, Hamdo‘stlik davlatlarida giyohvand moddalarning noqonuniy muomalasi sohasidagi yangi tahdidlar va xavf-xatarlarning oldini olish, giyohvand moddalar tarqatiladigan mintaqaviy onlayn-marketpleyslar va boshqa internet-resurslarga qarshi muvofiqlashtirilgan kurashni rivojlantirish, narkojinoyatlarga qarshi kurashish sohasidagi ilg‘or tajriba va innovatsion yechimlarni amaliyotga tatbiq etish, mutaxassislar o‘rtasida amaliy tajriba almashinuvi hamda sohaga oid boshqa masalalar muhokama qilindi.
Delegatsiyalar rahbarlari xalqaro maydonda o‘sib borayotgan beqarorlik va notinchlikni hisobga olgan holda, ichki ishlar vazirliklari yo‘nalishi bo‘yicha hamkorlikni yanada faollashtirishga oid masalalar borasida o‘zaro fikr almashdi.
Tadbir yakunida kelishuvlarni mustahkamlash maqsadida yig‘ilish bayonnomasi imzolandi.
Ishtirokchilarning fikriga ko‘ra, tadbir konstruktiv ruhda, do‘stlik, o‘zaro ishonch muhitida o‘tdi. Davlatlar o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashda mazkur muloqot muhim ahamiyat kasb etadi.
N.Abduraimova,
O‘zA