Maymun chechagidan ilk o‘lim holati qayd etildi
Nigeriyada Maymun chechagidan 2022 yil hisobida birinchi o‘lim holati qayd etildi, deb yozmoqda dunyo ommaviy axborot vositalari.
ABC News agentligi Nigeriyaning kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish bo‘yicha agentligi bergan ma’lumotga tayanib yozishicha, vafot etgan bemorning avvaldan sog‘lig‘ida muammo bo‘lgan ekan, shuningdek, u immunitetni sun’iy ravishda qiynab qo‘yadigan dori qabul qilib yurgan.
«40 yoshli bemor vafot etdi, uning avval sog‘lig‘ida muammosi bo‘lgan va immunodepressantlar qabul qilib yurgan», — deyiladi kasalliklarni nazorat qilish markazidagilar tarqatgan xabarda.
Nigeriyada maymun chechagi 2017 yil sentyabrda paydo bo‘lgan edi. 2017 yildan 2022 yilgacha mamlakatda 247 kishi maymun chechagi bilan xastalangani qayd etilgan. Ushbu kasallikdan o‘lim darajasi 3,6 foizni tashkil etgan.
Ekspertlarning fikricha, kasallikning kutilmaganda bir nechta mamlakatda paydo bo‘lgani virus tarqalayotganiga e’tibor berilmaganini bildiradi. JSSTning fikricha, maymun chechagining tarqalish jarayoni dunyo bo‘yicha sekin kechayotganiga qaramay, vaziyat yomonlashb ketishi ehtimoli saqlanib qolmoqda.