Maxsus shtab: Davlatobodda energiya ta’minotini yaxshilash bo‘yicha ishlar jadallashmoqda
Prezidentimiz topshirig‘i asosida mamlakatimizda energiya samaradorligini oshirish, elektr va gaz ta’minoti barqarorligini ta’minlash hamda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda hududlarda tashkil etilgan maxsus shtablar energiya ta’minotidagi muammolarni manzilli bartaraf etish, texnologik yo‘qotishlarni qisqartirish va iste’molchilarni uzluksiz energiya resurslari bilan ta’minlash choralarini ko‘rmoqda.
Namangan viloyati Davlatobod tumanida ham davlatimiz rahbari topshiriqlari ijrosini ta’minlashga qaratilgan amaliy ishlar jadal sur’atlarda davom etmoqda. Jumladan, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi Abdumalik Nazirov boshchiligidagi ishchi guruh hududlarda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishib, amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosini o‘rgandi.

Tumandagi 28 ta mahalla kesimida energiya iste’moli balansi shakllantirilib, elektr va gaz tarmoqlarining texnik holati kompleks o‘rganilmoqda. Mavjud ehtiyojdan kelib chiqqan holda transformatorlar hamda gaz taqsimlash qurilmalarini yangilash, yangi elektr va gaz tarmoqlarini tortish, texnologik yo‘qotishlarni qisqartirish, yirik iste’molchilarda energiya auditini o‘tkazish va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha aniq choralar ko‘rilmoqda.
Shuningdek, ko‘p kvartirali uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash, isitish tizimlarini soz holatga keltirish, mahallalar kesimida energiya resurslari iste’moli va debitor qarzdorlik holatini tahlil qilish ishlari ham mas’ul tashkilotlar tomonidan tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
“O‘zbekiston MET” AJ axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Urunovning ta’kidlashicha, maxsus shtablar faoliyati hududlarda energiya ta’minoti sifatini oshirish va mavjud muammolarni tezkor hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

–Bugun har bir hudud kesimida elektr va gaz tarmoqlarining holati chuqur tahlil qilinmoqda. Asosiy maqsad esa aholi va tadbirkorlarni barqaror energiya bilan ta’minlash, infratuzilmani bosqichma-bosqich yangilash hamda texnologik yo‘qotishlarni kamaytirishdan iborat. Davlatobod tumanida amalga oshirilayotgan ishlar ham ana shu vazifalarning amaliy ifodasi hisoblanadi, – dedi U.Urunov.
Ma’lumki, respublika bo‘ylab tanlab olingan 15 ta hududda elektr va gaz ta’minotini yanada yaxshilash maqsadida maxsus shtablar tashkil etilgan. Ushbu shtablar hududlardagi mavjud holatni atroflicha o‘rganib, muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va manzilli bartaraf etish choralarini ko‘rmoqda.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA