Maxsus öquv maşğulotlari taşkil etildi
Qoraqalpoğiston Respublikasi bojxona boşqarmasi Kontrabandaga qarşi kuraşiş bölimi xodimlari tomonidan bojxona postlari xodimlari iştirokida maxsus öquv maşğulotlari taşkil etildi.
Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanişiga qarşi kuraşiş, ularning bojxona çegaralari orqali yaşirinça olib ötilişiga yöl qöymaslik hamda bunday qonunbuziliş holatlarini barvaqt aniqlaş bojxona organlari faoliyatining ustuvor yönalişlaridan biridir.

Maşğulotlar davomida Özbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qiliş böyiça kompleks çora-tadbirlar töğrisida”gi farmoni, Özbekiston Respublikasining 2026-yil 11-iyundagi “Özbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarining va kuçli taʼsir qiluvçi moddalarning qonunga xilof muomalasi uçun javobgarlikni takomillaştirişga qaratilgan qöşimça va özgartirişlar kiritiş töğrisida”gi Qonuni hamda uşbu qonun asosida Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, Maʼmuriy javobgarlik töğrisidagi kodeks va boşqa qonun hujjatlariga kiritilgan özgartiriş va qöşimçalarning mazmun-mohiyati yuzasidan batafsil tuşuntiriş berildi.

Şuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 2-iyuldagi “Özbekiston Respublikasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar muomalasini tartibga solişni yanada takomillaştiriş çora-tadbirlari töğrisida”gi qarorida belgilangan vazifalar, uning amaliy ahamiyati va ijrosini taʼminlaş masalalari ham atrofliça körib çiqildi.
Nazariy bilimlarni amaliy könikmalar bilan mustahkamlaşga qaratilgan maşğulotlarda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning turlari, taşqi belgilari, öziga xos xususiyatlari, şuningdek, ularni bojxona nazoratidan yaşirinça olib ötişda qöllanilayotgan turli usul va uslublar haqida maʼlumot berildi. Ayniqsa, şubhali holatlarni tezkor aniqlaş, noqonuniy yuklarni yaşiriş usullarini foş etiş, zamonaviy texnik vositalardan samarali foydalaniş hamda qonunbuziliş holatlariga nisbatan qonunçilikda belgilangan tartibda çoralar köriş masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Bunday öquv maşğulotlari bojxona xodimlarining kasbiy bilim va amaliy salohiyatini oşiriş, huşyorlikni kuçaytiriş hamda giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarşi kuraşiş samaradorligini yanada mustahkamlaşga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev,
ÖzA muxbiri