Mavsumning betalafot o‘tishi ta’minlanadi
Qish mavsumini betalafot o‘tkazish hamda yuzaga keladigan salbiy holatlarni zudlik bilan bartaraf etish maqsadida “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tomonidan zaxira omborlari shay holatga keltirildi.
Gaz ta’minoti filialining barcha tuman va shahar gaz ta’minoti bo‘limlarida tashkil etilgan zaxira omborlari zarur bo‘ladigan jihozlar bilan ham ta’minlangan. Shuningdek, ularda zaxira gaz ballonlari saqlanmoqda.

– Mavsum davomida iste’molchilarga tabiiy gazni uzluksiz yetkazib berish maqsadida barcha tumanlarda zaxira omborlari shay holatga keltirildi, – deydi gaz ta’minoti filiali direktor birinchi o‘rinbosari Sirojiddin Avezov. – Har yili avariya zaxira omborlari ko‘zdan kechirilib, kamchiliklar o‘rni to‘ldirilmoqda. Kerakli texnikalar, asbob-uskunalar bilan jihozlangan.

Ta’kidlash lozim, viloyatdagi tabiiy gaz iste’molchilariga 17 ta gaz taqsimlash stansiyalari orqali tabiiy gaz yetkazib beriladi. Bundan tashqari, gaz taqsimlash punktlari soni 4979 dona bo‘lib, yuqori bosimli 106 dona, o‘rta bosimli 4873 donani tashkil etadi. Ayni mavsumda tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida barchasi texnik jihatdan soz holatga keltirildi. Qish davrida avariya holatlarini zudlik bilan bartaraf etish maqsadida esa 13 ta maxsus avtotransport vositasi ajratilgan bo‘lib, ular esa texnik jihatdan soz holatga keltirilgan.
Gaz ta’minoti filiali va uning hududiy bo‘limlarida avariya navbatchilik xizmati hamda 1104 Call markazi operatorlari o‘z faoliyatini 24 soat davomida olib bormoqda.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri