Matonatli muallim davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi
Davlatimiz rahbarining “O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni bilan Farg‘ona tumanidagi 15-umumiy o‘rta ta’lim maktabining tasviriy san’at va chizmachilik fanlari o‘qituvchisi Shuhrat O‘rinboyev “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi. Bu mukofot matonat va iste’dod sohibiga bo‘lgan yuksak e’tibor ifodasi bo‘ldi.
Shuhratjonni nafaqat Farg‘ona viloyatida, balki yurtimizda ham yaxshi tanishadi.U ijtimoiy tarmoqlarda ancha mashhur. Farg‘ona tumanining Chimyon qishlog‘ida tug‘ilgan, noyob qobiliyatga ega bu yigit chizgan suratlari bilan hammani hayratga solib kelmoqda.
Afsuski, unga taqdir jismonan but jussani nasib etmadi. U ikki qo‘lsiz, oyog‘i majruh dunyoga keldi. Lekin u shunga qaramay taqdirga qasdma-qasd kurashib yashamoqda. Bor jasoratini ishga solib, iqtidorini namoyon etib kelmoqda. Nogironligiga qaramasdan mehnatdan qochmadi, barcha uy ishlarini o‘z zimmasiga olgan.

U bolaligidan rangtasvirga qiziqdi hamda uning sir-asrorini qunt bilan o‘rgandi. Ilk chizgan rasmlarida tabiat manzaralarini aks ettirgan bo‘lsa, keyinchalik turli mavzularni qamrab oldi. Shuhrat O‘rinboyev bir qator mamlakatimiz va xorijiy davlatlarda o‘tkazilgan tanlovlarda qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
1999 yilda Toshkent shahrida O‘rta Osiyo miqiyosida bo‘lib o‘tgan “Ranglar jilosi” ko‘rik-tanlovida faxrli birinchi o‘rinni egallab, Janubiy Koreya davlatida davolanish yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan. 2004 yili Farg‘ona davlat universitetining tasviriy san’at va muhandislik grafikasi yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilindi.Talabalik davrida ham o‘zining ijodiy faoliyati bilan barchaga o‘rnak bo‘la oldi. 2005 yilda “Jasorat” medali bilan taqdirlangan. 2011 yildan buyon 15- sonli o‘rta ta’lim maktabida tasviriy san’at fanidan o‘quvchilarga dars berib kelmoqda. 2018 yilda Respublika Badiiy akademiyasi tashabbusi bilan o‘zining shaxsiy ko‘rgazmasini o‘tkazib, “Eng yaxshi ijodkor rassom” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.
Farg‘onada bo‘lib o‘tgan O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami tadbirida bir guruh mukofotlanganlar qatorida Shuhratjon O‘rinboyevga ham “Mehnat shuhrati” ordeni tantanali topshirildi.
–Bunday yuksak e’tibordan, Prezidentimizning rag‘batidan juda ham minnatdorman, –deydi u.
M.Sulaymonov,
O‘zA muxbiri.