Matonat, rekordlar va 56 ta medal, para sportchilarimiz Osiyoda ikkinchi o‘rinda!
Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida o‘tayotgan V Para Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari 20-oktabr kungi bahslar yakunlariga ko‘ra, 11 tadan oltin, kumush va bronza, jami 33 ta medalga sazovor bo‘ldi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, kun davomida vakillarimiz para yengil atletikada 11 ta, para suzishda 8 ta, para pauerliftingda 3 ta, para velotrekda 2 ta, para dzyudoda 5 ta va para taekvondoda 4 ta medalga ega chiqdi.
Kutilganidek, bugungi bellashuvlarda para yengil atletikachilarimiz navbatdagi medallar shodasini taqdim etdi. Jumladan, Madina Muxtorova yadro uloqtirish bahsida 9,10 metr natija bilan Osiyo rekordini yangilagan bo‘lsa, Navro‘za Axmatova 10,02 metr natija bilan Paraosiyo o‘yinlari rekordini o‘rnatgan holda delegatsiyamizga ikkita oltin medal keltirdi.
Shuningdek, Muhammadabdulloh Tursunjonov balandlikka sakrashda 1,94 metr natija bilan kumush medalni qo‘lga kiritdi. Asila Mirzayorova 200 metrga yugurishda 25,86 soniya, Yoqutxon Xolbekova nayza uloqtirishda 32,43 metr, Yorqinbek Odilov disk uloqtirishda 45,10 metr natija bilan sovrindorlar safidan joy oldi. Kubaro Hakimova yadro uloqtirishda 9,71 metr natija qayd etib, kumush medalga ega chiqdi.


Bronza medallar Angelina Kolesnikovaga disk uloqtirishda 30,10 metr, Diyorbek Umarovga yadro uloqtirishda 12,54 metr, Sodiqjon Mamadiyevga uzunlikka sakrashda 5,69 metr natija uchun nasib etdi. Farog‘at Muhammadqulova yadro uloqtirishda 7,54 metr, Doston Qahhorov esa 100 metrga yugurishda 11,88 soniya natija bilan bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Para suzishda Dmitriy Xorlin 400 metrga erkin usulda suzishda 4:21.32 daqiqa natija bilan oltin, 100 metrga chalqancha suzishda bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Mubinabonu Xalilova 100 metrga brass usulida suzishni 1:19.60 daqiqada yakunlab, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Azizbek Boynazarov 200 metrga kompleks usulda suzishda 2:23.87 daqiqa natija bilan oltin medalga erishdi. Yegor Bolotov 400 metrga erkin usulda suzishda 4:21.94 daqiqa, Sardor Baxtiyorov 100 metrga erkin usulda suzishda 1:04.91 daqiqa natija bilan kumush medallarga ega chiqdi. Muslima Odilova esa 100 metrga brass usulida suzishda 1:30.11 daqiqa natija qayd etib, shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.
Para pauerlifting bahslarida Aqidaxon Axtamova 55 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida 128 kilogramm toshni ko‘tarib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Sportchimiz ushbu natija bilan Paraosiyo o‘yinlari rekordini ham o‘rnatdi. Muslima Nuriddinova 61 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida 129 kilogramm natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi. Nasiba Toshpo‘latova esa 50 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida 123 kilogramm natija ko‘rsatib, kumush medalga ega chiqdi.



Para velotrek musobaqasida Boymurod Yavkochev 4000 metrga yakka ta’qib poygasida oltin medalga sazovor bo‘ldi. Ushbu yo‘nalishda ishtirok etgan Azimbek Abdullayev esa kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Para dzyudo bahslarida Shohrux Mamedov 81 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida (J1 klassi), Muhammad Abduqulov esa 95 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida (J1 klassi) oltin medallarga sazovor bo‘ldi. Kumushxon Xodjayeva 60 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida (J2 klassi) g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 95 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasidagi final bahsida Muhammad Abduqulov Turg‘un Abdiyevni mag‘lub etib, oltin medalga erishdi. Turg‘un Abdiyev musobaqani kumush medal bilan yakunladi. Otabek Irisbekov esa 81 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida (J2 klassi) bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Para taekvondo bahslarida Qudratjon Haydarov 63 kilogramm vazn toifasida kumush medalni qo‘lga kiritdi. Zuxriddin Tohirov 63 kilogrammgacha, Kamolaxon Rasulova 57 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifalarida, Javohir Aliqulov esa 70 kilogramm vazn toifasida bronza medallariga sazovor bo‘ldi.

Paraosiyo o‘yinlarining 20-oktabr kungi bellashuvlari yakunlariga ko‘ra, umumjamoa hisobida Xitoy terma jamoasi 70 ta oltin, 44 ta kumush va 35 ta bronza, jami 149 ta medal bilan peshqadamlik qilmoqda. O‘zbekiston delegatsiyasi 17 ta oltin, 21 ta kumush va 18 ta bronza, jami 56 ta medal bilan ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Kuchli uchlikdan 16 ta oltin, 20 ta kumush va 27 ta bronza, jami 63 ta medal jamg‘argan Yaponiya terma jamoasi joy olgan.
Shuningdek, Janubiy Koreya 12 ta oltin, 9 ta kumush va 13 ta bronza, Eron 10 ta oltin, 12 ta kumush va 16 ta bronza, Hindiston 9 ta oltin, 11 ta kumush va 15 ta bronza, Tailand 8 ta oltin, 11 ta kumush va 22 ta bronza, Qozog‘iston 5 ta oltin, 6 ta kumush va 10 ta bronza, Indoneziya 4 ta oltin, 4 ta kumush va 17 ta bronza, Malayziya esa 3 tadan oltin hamda kumush va 3 ta bronza bilan kuchli o‘ynlikni egallab turibdi.
Paraosiyo o‘yinlarida mahorat va matonat ko‘rsatayotgan vakillarimiz o‘z g‘alabalari bilan O‘zbekiston sport mahoratini yana bir bor dunyoga namoyon etmoqda. Bellashuvlarning keyingi kunlarida ham para terma jamoamiz a’zolaridan yangi rekordlar va yuqori marralarni kutib qolamiz.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA