Matbuot xizmati faoliyati: natija va samaralar
“Andijon viloyati suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Matbuot xizmati faoliyati: natija va samaralar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni oldidan o‘tkazilgan tadbirda bosma va elektron ommaviy axborot vositalari vakillari, davlat va nodavlat tashkilotlari matbuot xizmatlari rahbarlari ishtirok etdi. Unda “Andijon viloyati suv ta’minoti” MCHJ matbuot xizmatining joriy yil o‘tgan davridagi faoliyati bilan yaqindan tanishildi.
– Faoliyatimizni targ‘ib qilish, sohadagi mavjud muammolarni keng jamoatchilikka yetkazish va bartaraf etishda jamiyatimiz matbuot xizmatining alohida o‘rni bor, – deydi “Andijon viloyati suv ta’minot” MCHJ rahbari o‘rinbosari Zuhriddin Shokirov. – Ularning sa’y-harakatida ichimlik suvi bilan bog‘liq jarayonlar, yuzaga kelgan turli nosozliklar haqidagi ma’lumotlar aholiga tezkorlik bilan yetkazib berilayotganligi, murojaatlar o‘rganilib, o‘z vaqtida javob qaytarilayotganligi tizimdagi ishlar samaradorligini oshirishga yordam bermoqda.
[gallery-2906]
Anjumanda jamiyat matbuot xizmati tomonidan anjuman, brifing va press-turlar o‘tkazilib, aholiga ichimlik suvi yetkazib berish jarayonlarini ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilayotganligi alohida ta’kidlandi.
– Murojaatlar bilan ishlash faoliyatimizning muhim yo‘nalishi hisoblanadi, – deydi “Andijon viloyati suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati matbuot xizmati rahbari Marhaboxon Nasriddinova. – Birgina joriy yilning o‘tgan davrida aholidan tushgan 187 ta murojaatga o‘z vaqtida munosabat bildirildi, murojaatlarning aksariyati ijobiy yechimini topdi.
Tadbirda barcha shart-sharoitlarga ega maxsus xona, zarur texnik vositalar bilan ta’minlangan jamiyat matbuot xizmati faoliyati alohida e’tirof etilib, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni kuchaytirish, belgilangan yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori darajaga ko‘tarish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Yakunda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarni keng yoritishda yaqindan hamkorlik qilib kelayotgan bir guruh jurnalistlar tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA