Mas’ullar jizzaxlik chorvadorlar bilan uchrashdi
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Bahrom Norqobilov boshchiligidagi veterinariya va chorvachilik sohasining mutaxassislaridan iborat ishchi guruh Jizzax viloyatida bo‘lib turibdi.
Ishchi guruh joylarda soha vakillari bilan uchrashuvlar tashkil qilmoqda. Ta’kidlash joiz, bu kabi tadbirlar davlatimiz rahbarining “Tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilmoqda.
Ishchi guruh tomonidan “Jizzax organik” chorvachilik klasterida davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi va “Chorvachilikni yanada rivojlantirish va chorva ozuqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlarining mazmun-mohiyati tushuntirildi. Viloyatdan jalb qilingan fermer xo‘jaliklari rahbarlari va tadbirkorlar uchun o‘quv-seminari tashkil etilib, yirik chorvachilik xo‘jaliklarini mahallalar bo‘yicha chorvachilik kooperatsiyalariga ixtisoslashtirish imkoniyatlari tahlil qilindi.
Shuningdek, viloyatdagi mavjud chorvachilik xo‘jaliklarida ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida beda, bug‘doy, arpa, makkajo‘xori, ro‘ch, trava smets, jo‘xori, raps kabi o‘ndan ortiq ozuqabop ekinlar agronomiyasi bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
O‘zA