Master-rejalarni ishlab chiqish tartiblari qanday?
Toshkent shahrida o‘tkazilgan amaliy seminarda ishtirokchilarga shu haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda qator tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan ushbu tadbirda Andijon, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlari hokimliklari huzuridagi Master-rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha loyiha ofislari xodimlari ishtirok etdi.
Seminarda master-rejalarning mazmun-mohiyati, ularning hududni rivojlantirishdagi ahamiyati, ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash tartibi va loyiha ofislarining vazifalari haqida so‘z bordi.
Shuningdek, unda arxitektura, dizayn va hududlarni rivojlantirish sohasida ilg‘or tajribaga ega xorijiy va mahalliy kompaniyalar vakillari respublika bo‘ylab ishlab chiqilgan va ishlab chiqilayotgan master-rejalarni taqdim etdi. Turkiyadagi “Studio Vertebra”, “Sigma Tashkent” va “BloomArch” loyiha kompaniyalari tomonidan kreativ yondashuvlar asosida ishlab chiqilgan hududlarning iqtisodiy salohiyati va “drayver“ yo‘nalishlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan master-rejalar taqdimoti shular jumlasidan.
Seminarning ikkinchi kunida ishtirokchilar Toshkent shahrida amalga oshirilgan zamonaviy loyihalar bilan tanishdi.
Eslatib o‘tamiz, seminarning ikkinchi bosqichi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Namangan, Toshkent va Xorazm viloyatlari Loyiha ofislari xodimlari uchun o‘tkaziladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA