Mashg‘ulot jarayonlari ko‘zdan kechirildi
Shu kunlarda sportchilarimiz Xitoyda o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Jumladan, erkin va yunon-rum kurashi bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari ayni kunlarda Toshkent viloyatidagi “Xumson” dam olish maskanida o‘tkazilayotgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etmoqda.
Kuni kecha Yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, vazirlikning Olimpiya va Paralimpiya boshqarmasi boshlig‘i Rashid Matkarimov Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlikning holatini o‘rganish maqsadida erkin va yunon-rum kurashchilarining mashg‘ulot jarayonlarini kuzatdi.
Ularning yashash sharoitlari bilan tanishdi. Zarur sport yuklamalarining bajarilish tizimlarini ko‘zdan kechirdi. Murabbiy va mutaxassislar bilan sportchilarning texnik-taktik mahoratini takomillashtirish borasida suhbatlashdi.
Erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi, professor Fikrat Kerimov, tajribali murabbiy Ma’mur Ro‘ziyev, yunon-rum kurashi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Ro‘ziqulov o‘quv-mashg‘ulot yig‘inining borishi, har bir sportchining imkoniyati, salohiyati, xatti-harakatlari bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
O‘z navbatida Yoshlar siyosati va sport vazirligi mutasaddilari murabbiylar va mutaxassislarga Osiyo o‘yinlarining ahamiyati, davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan shart-sharoitlarga munosib bo‘lish, sportchilarning jismoniy holatini kuchaytirish bilan birga ruhiy holatini mustahkamlash borasida zarur ishlar qilinishi yuzasidan kerakli ko‘rsatmalarni berib o‘tdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA