Mars sayyorasining yangi tasviri e’lon qilindi
Xitoy milliy koinot boshqarmasi Mars sayyorasining yuqori tiniqlikda olingan uchta rasmini namoyish qildi.
Suratlar Qizil sayyorani o‘rganish uchun jo‘natilgan "Tyanven-1" zondi orqali olingan bo‘lib, Xitoyning CGTN telekanali namoyish qilgan.
"Tyanven-1" zondi o‘tgan yilning iyul oyida uchirilgandi. Ushbu missiyaning vazifasi Mars orbitasiga chiqish va sayyorani aylanib, so‘ng qo‘nish hamda sayyora yuzasini o‘rganishdan iborat. Zondni Mars yuzasiga qo‘ndirish may-iyun oylariga mo‘ljallangan.
Agar missiya muvaffaqiyatli amalga oshsa, olimlar Qizil sayyoraning atmosferasi, relefi, geologik tabiati, magnit maydonining o‘ziga xos tomonlarini atroflicha o‘rganish uchun kerakli ma’lumotlarni oladi. Shuningdek, sayyoraning paydo bo‘lishi va evolyutsiyasini o‘rganish imkoniyati ham paydo bo‘ladi. Qolaversa, insonlarni o‘ylantirayotgan eng asosiy masala: kelajakda insonlar Marsda yashay oladimi, degan savolga javob topishdir.