Marra zabt etildi, hosil hali mo‘l
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi fermer xo‘jaliklari tomonidan mo‘l hosil yetishtirilib, 33 ming 280 tonnadan ortiq paxta xirmoni bunyod etildi.
Tuman paxtakorlarining erishgan zafari bugun barchani behad mamnun etmoqda. Mirishkor dehqonlar va mutaxassislarning ta’kidlashicha, paxtachilikda bunday yuqori hosildorlikka erishishning o‘zi bo‘lmaydi. Bunda bilim, malaka va tajriba kerak.
Tumanda bu yilgi dehqonchilik mavsumida 241 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 9 ming 16 gektar yerda paxta yetishtirildi. Tumandagi 64 ta fermer xo‘jaligining 442 ta konturida, jami 1 ming 552 gektar yer maydonida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi tatbiq etilgan. Bu albatta barakali hosil yetishtirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Dehqonchilikdagi ilmiy yondashuv va agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida sifatli amalga oshirilgani natijasida yetishtirilgan hosil tez fursatda yig‘ishtirib olindi.

Paxta yig‘im-terimini tizimli tashkil etish bo‘yicha 230 ta terim otryadlari shakllantirildi. Ularga 18 ming 480 nafar terimchilar ixtiyoriy ravishda biriktirildi. Paxta xomashyosini yig‘ib-terib olishda tumandagi “Merganteks” va “Kumush kalava” klaster korxonalari hamda paxta tozalash korxonalari tarkibidagi 3 ta paxta qabul qilish maskanlari, ulardagi g‘aram(bund) maydonlari, paxtani uzatish mexanizmlari, transportyorlar, laboratoriya jihozlari belgilangan standartlar asosida ishlashi ta’minlandi.

“Merganteks” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Sayyod” hududida faoliyat ko‘rsatuvchi “Samad Beshim” va “Darg‘ali” hududidagi “Yangiboy-Ochil paxtakor” fermer xo‘jaligi dalalarida tomchilab sug‘orish texnologiyasi joriy etilib, hosildorlik 70 sentnerni tashkil etdi.
“Samad Beshim” fermer xo‘jaligi a’zolari 44,7 gektar maydonga chigit ekdi. O‘z vaqtida olib borilgan agrotexnik tadbirlar tufayli xo‘jalikda mo‘l hosil yetishtirildi. Paxta to‘qimachilik klasteri bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq qabul maskanlariga yuqori sifatli “oq oltin” topshirildi. Hali fermer xo‘jaligi dalalarida hosil cho‘g‘i baland. Yig‘im-terim ishlari esa davom etmoqda.

– Tomchilab sug‘orishning paxta uchun koni foyda ekanligini biz mana bu yil amalda isbotladik, – deydi fermer xo‘jalik rahbari Akbar Rustamov. – Paxtachilikdagi misli ko‘rilmagan natijalarimizning bosh sababi g‘o‘za parvarishiga ilmiy yondashuvdir.
Terim puli bank muassasalari tomonidan dala boshida tarqatilgani, ilg‘or terimchilarga 85 tonnadan ortiq (“Merganteks”-43 tonna, “Kumush kalava”-42 tonna) sovg‘a-salomlar, yog‘ va oziq-ovqat mahsulotlari tarqatilib rag‘batlantirilib borilgani elimizning rizq-nasibasini o‘z vaqtida, sifatli yig‘ishtirib olinishini ta’minladi.
Natijalar esa quvonarli. “Sayyod”, “Mallaishayx”, “Chandirobod”, “Chovli”, “Qoraun”, “Yangibozor”, “Ziyorat” va “Darg‘ali” hududlari paxta sotish shartnomaviy rejasini viloyatda peshqadamlardan bo‘lib bajardi. Bugun boshqa hududlar ham astoydil harakat qilmoqda. Dalalarda qiyg‘os ochilgan paxta ko‘zni qamashtiradi. Hosil hali mo‘l.
Zarif Komilov, O‘zA