"Maromiylik" umummilliy harakati qanday maqsadlarni ko‘zlaydi?
Har bir narsada, yondashuv va qarashlarda, munosabat va xatti-harakatlarda marom va me’yoriylik bo‘lgani ma’qul. Negaki, haddan oshish, qaysidir ma’noda chegaradan chiqish yaxshilikka olib kelmaydi.
Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan xalqaro ekspertlar ishtirokida “Maromiylik” umummilliy harakatiga bag‘ishlangan Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur loyiha “O‘zbekiston–2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, jamiyatda me’yor, mas’uliyat va muvozanatga asoslangan hayot madaniyatini qaror toptirish, tejamkorlikni ommalashtirish hamda isrofgarchilik va dabdababozlikka qarshi zamonaviy ma’rifiy yondashuvlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Anjumanda Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov “Maromiylik” – cheklash emas, ongli tanlov madaniyati ekanini ta’kidladi. “Maromiylik” umummilliy harakatining asosiy maqsadi jamiyatda me’yorni qadriyat darajasiga ko‘tarish, resurslardan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirish, moliyaviy mas’uliyatni kuchaytirish, isrofgarchilik va dabdababozlikning oldini olish, yoshlarda ongli iste’mol va mas’uliyatli turmush tarzini qaror toptirishdan iborat.

E’tirof etilganidek, bugun “Maromiylik” faqat ma’naviy tashabbus emas. U iqtisodiy barqarorlik, ekologik mas’uliyat va sog‘lom ijtimoiy muhitni ta’minlashga qaratilgan kompleks ijtimoiy harakat sifatida rivojlanmoqda.
Loyihaning 1-bosqichida qanday natijalarga erishildi?
“Maromiylik” umummilliy harakati qisqa vaqt ichida mamlakat miqyosida keng qamrovli amaliy ishlarga zamin yaratdi. Loyiha doirasida yurtimiz bo‘ylab 14 ta hududda seminar-treninglar tashkil etildi. Unga 204 ta oliy ta’lim muassasasi qamrab olindi. Ushbu tadbirlarda qariyb 2 ming nafar professor-o‘qituvchi, mutaxassis va talaba ishtirok etdi. Professor-o‘qituvchilar harakatning asosiy targ‘ibotchilari sifatida tayyorlandi.
Shuningdek, mamlakat oliy ta’lim tizimida so‘nggi yillardagi eng yirik sotsiologik tadqiqotlardan biri amalga oshirildi.

Tadqiqotda 58 ming 68 nafar talaba, professor-o‘qituvchi va xodim ishtirok etib, ularning to‘y madaniyati, iqtisodiy omillar, ijtimoiy bosim va maromiylik qadriyatlari bo‘yicha fikrlari o‘rganildi.
Natijalar jamiyatda ixcham va mazmunli marosimlarga qiziqish ortib borayotganini, yoshlar ongli iste’mol va mas’uliyatli hayot tarziga intilayotganini ko‘rsatdi. Ayni vaqtda, "Odamlar nima deydi?" degan ijtimoiy bosim ayrim qarorlarga hali ham ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi.
Anjumanning eng muhim jihatlaridan biri – xalqaro tajribaning taqdim etilishi. Yaponiyaning The Nippon Foundation tashkiloti eksperti Michihiro Tanabe mamlakatda asrlar davomida shakllangan va bugungi kunda ham o‘zini to‘liq oqlab kelayotgan “Hara Hachi Bu” – ongli taomlanish qoidasi, “Mottainai” – isrof qilmaslik va ne’matlarni, tabiatni asrash falsafiy tamoyili, ish va hayot muvozanati, minimalizm madaniyati kabi tamoyillarning jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyati haqida ma’ruza qildi.
Konferensiya doirasida maromiylik g‘oyasining tarixiy, falsafiy va ilmiy asoslari, milliy va umuminsoniy qadriyatlarda me’yor tamoyili, ta’lim tizimida maromiylik madaniyatini shakllantirish, mahalla va davlat boshqaruvida maromiylik mexanizmlari mavzusida ilmiy va amaliy muhokamalar tashkil etildi. Shu bilan birga, yoshlar o‘rtasida ongli iste’mol madaniyatini ommalashtirish, isrofgarchilikka qarshi zamonaviy kommunikatsiya texnologiyalari, raqamli muhitda vaqt va e’tibor madaniyatiga katta ahamiyat qaratildi.
Konferensiya yakunida “Maromiylik” umummilliy harakatining ilmiy-amaliy rivojlanish istiqbollari bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilindi. Davlat organlari, ta’lim muassasalari va fuqarolik jamiyati institutlari uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi. Mahalla, ta’lim, davlat boshqaruvi va xizmat ko‘rsatish sohalarida maromiylik tamoyillarini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilandi.
Darhaqiqat, maromiylik — bu cheklash emas, balki ongli tanlov madaniyati. Insonning haqiqiy farovonligi ortiqcha iste’molda emas, balki me’yorni bilish, resurslarni qadrlash va kelajak oldidagi mas’uliyatni his etishda namoyon bo‘ladi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri