Markaziy tergov hibsxonasida yangi, zamonaviy tartibot binosi foydalanishga topshirildi
Mamlakatimizda jazoni ijro etish tizimini isloh qilish, ushbu sohada inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, mahkum hamda qamoqda saqlanayotgan shaxslar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Bu borada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar nafaqat muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, balki sohaga ilg‘or raqamli yechimlar va xalqaro standartlarni joriy etishga ham qaratilgan.
Ana shu ezgu maqsadlarning izchil davomi sifatida Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti tasarrufidagi Markaziy tergov hibsxonasida yangi, zamonaviy tartibot binosi foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo‘latov hamda davlat va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda “Unicon.uz” mas’uliyati cheklangan jamiyati mas’ullari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Oliy sud raisi Robaxon Mahmudova, Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev, adliya vaziri Akbar Toshqulov, favqulodda vaziyatlar vaziri Azizbek Ikromov, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) Surayyo Rahmonova, Advokatlar palatasi vakillari hamda boshqa mas’ullar muassasada yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur muassasa davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, inson qadrini ulug‘lash va xalqaro huquq normalariga mos faoliyat yuritish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri ekani alohida ta’kidlandi.
Markaziy tergov hibsxonasining asosiy vazifasi – sud hukmi chiqqunga qadar tergov ostidagi shaxslarni qonunchilik talablari asosida saqlashdan iborat. Shu bois bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar, xavfsizlik choralari va huquqiy kafolatlar har tomonlama puxta o‘ylangan.

Mazkur zamonaviy va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan majmua foydalanishga topshirilishi natijasida mavjud ayrim muammolar o‘z yechimini topdi.
Jumladan, advokatlar va tergovchilar uchun yaratilgan sharoitlar tubdan yaxshilanib, advokatlar xonasi 19 tadan 50 taga, tergov xonalari esa 6 tadan 25 taga ko‘paytirildi.
Adliya vazirligi hamda Advokatlar palatasi bilan hamkorlikda “E-advokat” platformasi orqali advokatlarga himoyasi ostidagi shaxslar bilan uchrashuvlar vaqtini onlayn shaklda belgilash imkoniyati yaratildi.
An’anaviy tizimda kuniga 70-80 nafar shaxsning himoya huquqi ta’minlangan bo‘lsa, raqamli platforma orqali bu ko‘rsatkich hozirgi mavjud 19 xona orqali 150-200 nafardan oshdi. Yangi tashkil etilgan 50 ta xona ishga tushirilishi natijasida esa kuniga 500-600 nafar shaxsning advokat bilan uchrashuvini tashkil etish imkoniyati yaratiladi.
Onlayn sud xonalari soni 4 tadan 11 taga yetkazilib, tergov va sud jarayonlarini masofaviy amalga oshirish imkoniyatlari kengaytirildi.
Har bir muassasada onlayn shaklda notarial xizmatlarini amalga oshirish imkoniyati yaratildi. Hibsxonada saqlanayotgan shaxslarning yaqin qarindoshlari bilan qisqa muddatli uchrashuv xonalari soni 14 tadan 36 taga yetkazilib, tirbandlik va aholining haqli e’tirozlariga chek qo‘yildi.
“E-Mahkum” axborot platformasi hamda “Qal’a” intellektual monitoring platformasi yagona axborot muhitiga integratsiya qilinishi natijasida, 25 tashkilot bilan axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi. Xususan, sud va tergov organlari bilan yozishmalarni elektron tizim orqali amalga oshirish imkoniyati yaratildi.
Muassasaning nazorat-o‘tkazish tizimi to‘liq avtomatlashtirilib, fuqarolar, xodimlar va advokatlar uchun alohida kirish-chiqish yo‘laklari tashkil etildi va kundalik sun’iy navbatlar muammosi butunlay hal etildi. Tergov hibsxonalarida voyaga yetmaganlar va bolali ayollar uchun 55 kamera ajratilib, xalqaro standartlar asosida jihozlandi.
Jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning yaqinlariga qulaylik yaratish maqsadida posilka, banderol va yo‘qlovlarni elektron do‘kon orqali yuborish ishlari amaliy bosqichga o‘tkazildi.
Xalqaro talablar asosida barpo etilgan yangi binoda xavfsizlik va shaffoflikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Barcha xonalar va yo‘laklar yuqori aniqlikdagi videokuzatuv kameralari bilan jihozlanib, yagona markazlashtirilgan nazorat tizimiga ulangan. Bu esa muassasa faoliyatining ochiqligi va xavfsizligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tashrif ishtirokchilariga muassasa hududida tashkil etilgan saylgoh, mahkumlar ehtiyojlari uchun joriy qilingan “Raqamli do‘kon“, “M-billing“ hamda “Videouchrashuv“ tizimlarining ishlash mexanizmi haqida ham batafsil ma’lumot berildi. Ushbu innovatsion yechimlar mahkumlarning qonuniy huquqlarini ta’minlash, ularning yaqinlari bilan aloqasini saqlab qolish hamda xizmatlardan foydalanish jarayonini zamonaviy formatga o‘tkazishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA