Markaziy Osiyo yoshlar forumi davom etmoqda
Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi “Astrum IT” akademiyasida “Markaziy Osiyo yoshlar forumi” bo‘lib o‘tmoqda.
Unda Markaziy Osiyo mintaqasidagi Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlaridan yoshlar siyosatiga mas’ul mutaxassislar hamda jamoat tashkilotlari rahbarlari, xalqaro va respublika fan olimpiada g‘oliblari, yosh shaxmatchilar, grossmeysterlar, shuningdek, axborot texnologiyalari sohasining har bir mamlakatdan 20 nafardan, O‘zbekistondan esa 70 nafar yosh mutaxassislari taklif etilgan.

Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, Turkmaniston Respublikasi Sport va yoshlar siyosati vaziri Gulmirat Agamiradov, Qozog‘iston Respublikasi Axborot va ijtimoiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari Aleksandr Danilov, Tojikiston Respublikasi Tojikiston hukumati qoshidagi Yoshlar ishlari va sport qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Shabnam Karim Raximzoda ishtirok etib, mazkur tashabbus kelgusida mintaqa yoshlarining o‘zaro hamkorligini kuchaytirish, ishonch hamda do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlash, hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Forumda qatnashayotganlar asosan ilm-fan, axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida bilim va tajribalarini oshirishni maqsad qilgan mintaqa yoshlaridir. Tadbir doirasida "Renescans" video taqdimoti o‘tkazildi. Unda azaldan buyuk ajdodlarimiz, mutafakkir olimlarning ilm-ma’rifat yo‘lida qilgan izlanishlari, hozirgi kunda ilm-fan va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarini rivojlantirishga qaratilgan ijtimoiy loyihalar ahamiyati ko‘rsatib o‘tildi. Shundan so‘ng forumga tashrif buyuradigan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlarining yoshlar siyosatiga mas’ullari bilan ikki va ko‘p tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Unda har bir vakil tomonidan bugungi kunda yoshlarga oid amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berildi. Yoshlar muammolarni tizimli ravishda bartaraf etish, yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, istiqbolli loyihalar bo‘yicha birgalikda ishlash yuzasidan hamkorlikni kengaytirish xususida so‘z yuritildi.

Bu jarayonda yoshlarning ijtimoiy faolligi, bilim va tajribasini oshirish lozimligi qayd etildi. Forumda ishtirokchilar tomonidan ilm-fan va axborot texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha mintaqada yoshlar siyosati sohasini rivojlantirishga qaratilgan turli ijtimoiy loyihalar ishlab chiqiladi. Shaxsiy rivojlanish bo‘yicha treninglar o‘tkaziladi, shu bilan birga, yoshlarning intellektual salohiyatini rivojlantirish maqsadida “Zakovat” intellektual o‘yini hamda Markaziy Osiyo yosh shaxmatchilari turniri ham tashkil etiladi. “Astrum IT” akademiyasida “Markaziy Osiyo yoshlar bog‘i” ochiladi.
A.Musayev,O‘zA.