Markaziy Osiyo xalqaro institutida uchrashuv
Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Teri Hakala 24 avgust kuni Markaziy Osiyo xalqaro institutiga tashrif buyurdi.
Institut direktori Anvar Nosirov bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarning istiqbollari hamda mintaqaviy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston mintaqada mutlaqo yangicha siyosiy muhit yaratgani, o‘zaro ishonch mustahkamlanayotgani va manfaatli hamkorlik aloqalari o‘rnatilayotgani alohida ta’kidlandi.
Ma’lumki, ushbu harakatlar Markaziy Osiyo davlatlari bilan har tomonlama hamkorlikni mustahkamlashda strategik imkoniyatlar yaratadi.

Uchrashuvda maxsus vakil Teri Hakalaga davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Markaziy Osiyo xalqaro instituti va uning faoliyati haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlandiki, institutning asosiy maqsadi Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, barqarorlik va farovonlik muhitini yaratishda amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

– Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridagi nufuzli ilmiy tahlil markazlari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ushbu harakatlar mintaqalararo do‘stlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, – dedi Teri Hakala.
Uchrashuv yakunida qo‘shma dasturlar va tadbirlar, shu jumladan, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari vakillari ishtirokida uchrashuvlar tashkil etishga doir kelishuvga erishildi.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA