Markaziy Osiyo xabarlari
Markaziy Osiyo strategik joylashuvi va boshqa ko‘plab imkoniyatlari sababli doimo xalqaro jamoatchilik diqqati markazida bo‘lib kelgan. Shu bois hududda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar ko‘pchilik uchun qiziq. O‘zA odatga ko‘ra mintaqamizda shu kunlarda kuzatilayotgan muhim yangiliklar haqida ma’lumot to‘pladi.
Qirg‘iziston chet elliklar uchun yashash ruxsatnomasi olish tartibini soddalashtirmoqchi
“Kazinform” xabar berishicha, Qirg‘iziston tashqi migratsiya to‘g‘risidagi qonunga qog‘ozbozlikka asoslangan to‘siqlarni bartaraf etish, chet elliklarning yashash uchun ruxsat olish vaqtini qisqartirishga qaratilgan o‘zgarish kiritishni taklif qilmoqda. Tegishli qonun loyihasi allaqachon jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan.
Masalan, ayni jarayonda immigrant maqomini olish, shuningdek ariza beruvchi Qirg‘izistonda kamida olti oy yashashi talabini bekor qilish rejalashtirilgan. Bundan tashqari endi chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs vakolatli davlat idorasiga xabar bermasdan Qirg‘iz Respublikasidan tashqarida bir yildan ortiq qolsa, yashash ruxsatnomasi bekor qilinishi mumkin. Bunday hujjatni rasmiylashtirish “Yagona darcha” tizimiga o‘tkaziladi.
Tojikistonda IT mutaxassislari ish haqi oshiriladi
Tojikiston IT mutaxassislari uchun yangi rag‘batlantirish tizimini joriy etadi, deb xabar bermoqda “Xovar” agentligi.
Prezident Emomali Rahmon zamonaviy texnologiyalar va inson kapitalini rivojlantirish, mamlakat hayotining barcha sohalarini raqamlashtirishga qaratilgan “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi xodimlarning ish haqi va ish haqiga qo‘shimcha to‘lovlarni tartibga solish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Hujjat mamlakat rahbariyatining raqamli iqtisodiyotga o‘tish va “Tojikiston Respublikasining 2030-yilgacha bo‘lgan milliy rivojlanish strategiyasini” amalga oshirish siyosatini davom ettiradi.
Ushbu tashabbus mamlakatning intellektual salohiyatini mustahkamlash uchun huquqiy va moliyaviy asos yaratadi va xalqaro tajribani hisobga olgan holda IT mutaxassislarini rag‘batlantirish tizimini sezilarli darajada o‘zgartiradi.
IT mutaxassislari uchun yangi rag‘batlantirish tizimi nafaqat ish staji, balki professional malaka va xalqaro sertifikatlashga ham bog‘liq bo‘ladi. Bu elektron hukumatni rivojlantirish va mamlakatda axborot xavfsizligiga erishish uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Ta’kidlanishicha, oshirilgan ish haqi to‘liq davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladi.
Qozog‘iston aholisining yangi ma’lumotlari e’lon qilindi
Qozog‘iston aholisi 2026-yil 1-aprel holatiga ko‘ra 20 547 909 kishiga yetdi. Yil boshidan beri bu ko‘rsatkich 48 087 kishiga o‘sdi. Bu 0,23 foizlik sur’atni anglatadi, deb yozgan “Kazinform” agentligi.
Milliy statistika byurosi ma’lumotiga ko‘ra, aholi tabiiy o‘sishi 42 879, sof migratsiya 5 208 kishini tashkil etdi.
Eng sezilarli o‘sish kuzatilgan, 52 840 kishiga ko‘paygan shaharlarda hozir 13 137 950 odam yashayapti: musbat sur’at 0,4 foiz. Bu respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori. O‘sish tug‘ilish darajasi, boshqa mintaqa va mamlakatlardan kelayotgan odamlar oqimi bilan bog‘liq.
4 753 kishiga kamaygan qishloq aholisi 7 409 959 kishini tashkil etdi. Tabiiy o‘sish 16 816. Shunga qaramay, 21 569 nafar sezilarli darajadagi manfiy migratsiya oqimi qishloq aholisining umumiy kamayishiga olib kelgan.
Migratsiya jarayonida ham mintaqaviy tafovut ko‘rinadi. Jadal chiqish oqimi Turkiston va Jambil viloyatlarida kuzatilgan, eng ko‘p kirish oqimi esa Ostonada qayd etilgan: 18 000 dan ziyod.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 1-mart holatida Qozog‘iston aholisi 20 532 240 kishi edi.
Turkmaniston va AQSH hamkorlikni kengaytiradi
Turkmanistonning AQSHdagi elchixonasi xabariga ko‘ra, AQSH bilan asosiy sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqboli muhokama qilingan.
Elchi Davlat departamentida Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha Davlat kotibi yordamchisi Pol Kapur bilan suhbatlashgan.
Uchrashuv davomida tomonlar mavjud aloqalarni rivojlantirish bilan bog‘liq keng ko‘lamli masalalarni tahlil etgan.
Go‘zal Sattorova, O‘zA