Markaziy Osiyo o‘zaro bog‘liq va butun jahonga ochiq bo‘lgan katta imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida nutq so‘zlamoqda.
Beshinchi yo‘nalish – mintaqaviy transport-logistika bog‘liqligini rivojlantirish.
Ma’lumki, investorlar uchun xalqaro savdo bozorlariga chiqish katta ahamiyatga ega. So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo o‘zaro bog‘liq va butun jahonga ochiq bo‘lgan katta imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda.
Jumladan, Xitoy va Qirg‘iziston bilan hamkorlikda strategik temir yo‘l qurilishi jadal davom ettirilmoqda. Shu bilan birga, janubiy dengiz portlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkonini beradigan Transafg‘on koridori loyihasi ustida faol ish olib borilmoqda. Bundan tashqari, Kaspiy dengizi orqali o‘tadigan “O‘rta koridor” transport yo‘nalishi ham rivojlantirilmoqda.
Ushbu loyihalarni to‘liq ro‘yobga chiqarish evaziga O‘zbekiston Osiyo va Yevropani bog‘laydigan transport magistrallar tarmog‘iga qo‘shiladi.
O‘zbekistonda transport-logistika yo‘nalishida qator megaloyihalar ham boshlangan. Masalan, saudiyalik hamkorlar bilan yiliga 20 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadigan yangi Toshkent xalqaro aeroporti qurilmoqda.
Investorlar forum doirasida taqdim etilayotgan tezyurar avtomobil yo‘llarini barpo etish, ko‘p funksiyali logistika markazlari va “quruq portlar”ni qurish kabi loyihalarda faol ishtirok etishga taklif qilindi.
O‘zA