Markaziy Osiyo hamkorlik va umumiy taraqqiyot makoniga aylanib bormoqda
Cho‘lpon-Ota shahrida Xalqaro Issiqko‘l forumining yubiley tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Buyuk adib va davlat arbobi Chingiz Aytmatov tashabbusi bilan 40 yil avval asos solingan forumning yubiley tadbiri “Dunyo sivilizatsiyaviy burilish davrida: kelajak sari birgalikda” mavzusiga bag‘ishlandi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ishtirok etdi. Tadbirda, shuningdek, Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Italiya, Ispaniya va boshqa davlatlar delegatsiyalari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi.

Forumning panel sessiyasida S.Safoyev dunyo chuqur geosiyosiy o‘zgarishlar va jiddiy ma’naviy sinovlar davrini boshdan kechirayotganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, bunday murakkab sharoitda mintaqada o‘zaro ishonch va hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo‘shma va o‘zaro manfaatli loyihalarni hayotga tatbiq etish xalqlarimiz farovonligi hamda barqaror taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Zotan, davlat rahbarlarining qat’iy siyosiy irodasi va sa’y-harakatlari tufayli Markaziy Osiyo bugungi kunda yaqin qo‘shnichilik, o‘zaro anglashuv va umumiy taraqqiyot makoniga aylanib bormoqda. Parlamentlararo aloqalarning izchil mustahkamlanib borayotgani esa mazkur ijobiy jarayonlarning muhim tarkibiy qismi bo‘lib, davlatlar o‘rtasidagi muloqotni kengaytirish, qonunchilik sohasida tajriba almashish hamda mintaqaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.
N.Abduraimova,
O‘zA