Markaziy Osiyo – Germaniya: O‘zaro bog‘liqlik nimada?
Roppa-rosa bir yil muqaddam Berlin shahrida “S5+1” formatida “Markaziy Osiyo – Germaniya” birinchi sammiti tashkil etilgan edi.
Xuddi shu anjumanning ikkinchi uchrashuvida ishtirok etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan Ostona shahrida bo‘lib turibdi.
Markaziy Osiyo va Germaniya uchun muhim ahamiyatga ega mazkur platforma mintaqalar aro hamkorlikning ustuvor masalalarini muhokama qilish uchun muhim maydondir. Mazkur format ishtirokchi-mamlakatlar barqaror iqtisodiy o‘sish sur’atini qo‘llab-quvvatlagan, har bir davlatning umumiy jihati, shuningdek milliy xususiyati va manfaatini hisobga olgan holda davlatlar aro iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar belgilash imkonini beradi.
O‘zA muxbiri ushbu muhim voqea munosabati bilan sheriklikning joriy holati va istiqboli, shuningdek Markaziy Osiyo mintaqasidagi geosiyosiy vaziyat xususida ekspertlar fikrini yozib oldi.
Sayfiddin Jo‘rayev, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Tahliliy tadqiqotlar markazi direktori:

– Aytish kerak, bunday formatdagi sammitda ko‘rib chiqilayotgan kun tartibi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirib, yangi imkoniyatlar va istiqbol yo‘lida muloqot olib borish tajribasi nafaqat Germaniya va Markaziy Osiyo, balki ulkan Yevrosiyo hududida strategik ahamiyat kasb etishi bilan ajralib turadi.
Mazkur platforma xalqaro munosabatlar chigallashib borayotgan bir davrda o‘zaro aloqalar yangi shakllarining siyosiy diplomatik, tashkiliy-shartnomaviy, ijtimoiy-iqtisodiy formatlarini rivojlantirish ehtiyoji kuchayishiga o‘ziga xos javob modeli sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu jihatlar quyidagi omillarda ko‘rinadi:
Birinchidan, muloqotda davomiylik, muntazamlik, barcha tomonlar manfaatida uyg‘unlik ya’ni, o‘zaro mos keladigan asosiy nuqtalar, drayverlarni aniqlash va shu asosda ustuvorlikka ega yo‘nalishlar bo‘yicha zamonaviy, butunlay yangicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda.
“Markaziy Osiyo – Germaniya” birinchi sammiti 2024 yil 29 sentyabr kuni Berlin shahrida o‘tkazilgan. Mazkur platformani ishga tushirish tashabbusi 2023 yil boshida Federal Kansler Olaf Shols tomonidan ilgari surilgan. O‘zbekiston Prezidenti va Markaziy Osiyoning boshqa yetakchilari tomonidan mintaqada yaxshi qo‘shnichilik va do‘stona munosabat o‘rnatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar tufayli erishilgan iqtisodiy va siyosiy salohiyatni mustahkamlash nuqtai nazaridan rasmiy Berlinning mintaqaga qiziqishi ortib borayotgani tabiiy. Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston iqtisodiy hamkorligi haqiqatan savdo-iqtisodiy sohada sezilarli o‘sish bilan yangi dinamikaga ega bo‘ldi. 2023 yil o‘zaro umumiy tovar aylanmasi 5,1 milliard yevroni tashkil qildi. Xususan, 780 million yevrolik O‘zbekistondan YeI mamlakatlariga eksport yanada o‘sishi uchun keng imkoniyat mavjud.
Keyingi yillarda O‘zbekistoning do‘stona, tinchlikparvar, mintaqa yaxlitligini ta’minlash, o‘zaro hamjihatlik asosida bunyodkorlikka yo‘naltirilgan tashqi siyosati muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu jarayon YeI va O‘zbekiston o‘rtasidagi diplomatik munosabat dinamikasiga ham ijobiy ta’sir etmoqda.
Usmonjon Bo‘tayev, O‘zMU professori, siyosiy fanlar doktori:

– Ma’lumki, Germaniyaning Markaziy Osiyoga nisbatan qarashi, strategiyasi mavjud. Qolaversa, GFR 2007 yil qabul qilingan, 2019 yil qayta ko‘rib chiqilgan YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasini ishlab chiqishda tashabbuskor bo‘lgan.
Germaniya so‘nggi yillarda ko‘p qutbli dunyo tamoyiliga asoslangan tashki siyosat olib bormoqda. Bunda Markaziy Osiyo alohida o‘rin tutadi. Shu bois mintaqamiz mamlakatlari yetakchilari hamkor tomonning Markaziy Osiyo va Germaniya o‘rtasida strategik mintaqaviy sheriklikni yo‘lga qo‘yish, ushbu formatda muntazam uchrashuv va maslahatlashuv o‘tkazib borish taklifini qo‘llab-quvvatlagan.
Shundan kelib chiqib, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya yetakchilari ikkinchi uchrashuvining o‘ziga xos jihatlari quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
Birinchidan, anjuman Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston hukumatlari manfaatini ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harkatning davomidir.
Ikkinchidan, ikkinchi yig‘ilish birinchi sammitda muhokama etilgan kelishuvlarning davomi hamda bir yil mobaynida erishilgan natijalar sarhisobi, deyish mumkin. O‘tgan yil Berlinda siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish muhokama qilingan. Innovatsiya va texnologiya, “yashil” iqtisodiyot, muqobil energetika, transport va logistika, ta’lim va madaniyat bilan bog‘liq dolzarb masalalar ham ko‘rib chiqilgan.
Uchinchidan, ikkinchi sammitda ham ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilishi kutilmoqda. Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan qo‘shma uchrashuv o‘tkazish rejalashtirilgan.
To‘rtinchidan, Germaniya Yevropa Ittifoqi a’zosi sifatida Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishdan manfaatdor. Sholsning bu galgi safaridan ko‘zlangan maqsad yangi bozor va qo‘shimcha energiya, uglevodorod manbalarini topishdan iborat. Ukrainadagi vaziyat sabab Germaniyaning Rossiya bilan oldi-sotdisiga cheklov joriy etilgan. Demak, rasmiy Berlin bu borada yangi imkoniyatlar ochishiga harakat qiladi. Qolaversa, Germaniya Yevropa va Markaziy Osiyoni bog‘lovchi Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishiga qiziqish bildirib, ushbu loyihani qo‘llab-quvvatlamoqda.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, “C5+1” muloqotlarida har bir davlatning o‘ziga xos manfaati bor. Bu davlatlar, madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladi.Siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalaridagi hamkorlik va gumanitar aloqalar rivojlanishi, albatta, Germaniya – Markaziy Osiyo hamkorligi kun tartibini sifat jihatidan to‘ldiradi. Natijada mintaqaviy o‘ziga xoslik mustahkamlanadi, Markaziy Osiyo istiqbolli va uzoq muddatli strategik sherik sifatida namoyon bo‘ladi.
Farxod Karimov, O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi kafedra mudiri, siyosiy fanlar doktori:

– Germaniya Federativ Respublikasi Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan. GFR Fransiya bilan birga mintaqamizning barcha 5 mamlakatida diplomatik vakolatxonasiga ega YeI davlatidir. Bu Markaziy Osiyo ushbu mamlakat uchun muhimligini bildiradi.
Bugungi kunga qadar nemis kompaniyalari Markaziy Osiyoga jami o‘n milliard yevrodan ortiq sarmoya kiritib, 35 000 dan ortiq ish o‘rni yaratdi. Germaniya kapitaliga ega 900 ga yaqin korxona mintaqada mahsulot ishlab chiqaradi va xizmat taklif qiladi.
Mintaqamizning o‘sib borayotgan rolini hisobga olgan holda, Berlin Germaniya va Markaziy Osiyo o‘rtasida mintaqaviy strategik sheriklik o‘rnatish tashabbusini ilgari surgan. Bu formatning birinchi sammiti yakunida imzolangan qo‘shma bayonotda qayd etilgan.
Ostona shahriga uchishdan oldin Federal Kansler Olaf Shols Samarqandga tashrif buyurib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar olib bordi. Qayd etish joiz, 2022 yil Germaniya Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘rtasida O‘zbekistonning yetakchi savdo-iqtisodiy hamkoriga aylandi. Bu sheriklik O‘zbekiston va Yevropa o‘rtasidagi umumiy savdo hajmining 26 foizini tashkil etdi. 2021 yil YeI mamlakatlaridan O‘zbekistonga tushgan jami investitsiyaning qariyb 60 foizi yoki 5,5 milliard dollari Germaniyadan kelgan.
Umuman, “Markaziy Osiyo– Germaniya” formati “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formati bilan kesishadi. YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Teri Xakala ta’kidlashicha, YeI mintaqada faol va jarayonni yanada kuchaytirish niyatida.
Germaniya Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishidan ham manfaatdor. Mazkur loyiha Yevropa va Markaziy Osiyoni birlashtirishi,Bab Al-Mandab bo‘g‘ozi orqali dengiz transportiga muqobil yo‘l ochishi mumkin.
YeI allaqachon mazkur tashabbus uchun kredit shaklida 10 milliard yevrodan ortiq sarmoya kiritishga va’da berdi. Infratizim yo‘nalishida Germaniya O‘zbekistonga 9 milliard dollar sarmoya kiritmoqchi.
Germaniya va Markaziy Osiyo strategik sherikligi jadal rivojlanayotgani, tovar ayirboshlash barqaror o‘sayotgani, GFR mintaqa iqtisodiyotiga muntazam sarmoya kiritayotgani ikki va ko‘p tomonlama eksport-import amaliyoti ortishidan dalolat. Jumladan, madaniy-gumanitar, ilmiy-ma’rifiy, ekologik sohalar ham ancha faol.
O‘tkir ALIMOV tayyorladi.
O‘zA