Markaziy Osiyo chempionatida voleybolchilarimiz Shri-Lanka jamoasini mag‘lub etdi
Pokiston poytaxti Islomobod shahrida voleybol bo‘yicha erkaklar o‘rtasida Markaziy Osiyo chempionati bahslari davom etmoqda.
Kecha 6 ta davlat jamoalari ishtirok etayotgan chempionatning uchinchi kungi bahslarida O‘zbekiston voleybolchilari Shri-Lanka terma jamoasi bilan kuch sinashdi.
Qiziqarli kechgan o‘yinda Ramin Babai bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston erkaklar milliy terma jamoasi raqiblarini 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Setlar holatida uchrashuvlar 25:23, 22:25, 25:19, 25:21 ko‘rinishlarida yakunlandi.
Bugun, 25-iyul kuni Markaziy Osiyo chempionati dasturiga muvofiq dam olish kuni sifatida belgilangan.
Ertaga, 26-iyul kuni hamyurtlarimiz Pokiston terma jamoasi bilan kuch sinashadi. Chempionat 29-iyulga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA