Markaziy laboratoriya – sifat va ishonchlilik kafolati
Markaziy laboratoriya – bu “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ Shimoliy kon boshqarmasiga qarashli 3-sonli Gidrometallurgiya zavodining “ko‘zi”, eng nozik va muhim jarayonlarni ilg‘ab, tahlil qilib boruvchi markazi. Chunki aynan shu yerda zavod faoliyatining asosi – ma’dan va metallning sifati aniqlanadi. Pirovardida texnologik barqarorlik ta’minlanadi.
Bu jarayonlar fazali-nazorat, namuna-tahlil va texnologik tadqiqotlar guruhida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Laboratoriya tarkibidagi har bir guruh o‘ziga xos, takrorlanmas vazifalarni bajarar ekan, zavodning uzluksiz ishlashini ta’minlovchi muhim bo‘g‘inlarga aylanadi.
[gallery-23889]
E’tiborlisi, laboratoriyaga Germaniyada ishlab chiqarilgan yangi Icye-3000 spektrofotometri olib kelinishi suyuq fazada qimmatbaho metallni ko‘rish va aniqlash imkonini oshirdi.
Zavod markaziy laboratoriyasida 100 dan ortiq malakali mutaxassis, 10 nafar muhandis-texnik xodim faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu yerda bajarilayotgan tahlillar soni yetti baravar oshgan.
Innovatsion yondashuv, yuqori aniqlik va tinimsiz izlanish laboratoriya xodimlarining ustuvor tamoyiliga aylangan. Aynan shu jihatlar tufayli zavod markaziy laboratoriyasi sifat va ishonchlilik timsoli, yuksak texnologik taraqqiyot namunasi bo‘lib qolmoqda.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA