Markaziy bank so‘rovi: qarzdorlarning 61 foizi kreditlarini o‘z vaqtida qaytarishga qiynalmoqda
Markaziy bank tomonidan 2026-yilning birinchi yarim yilligida aholining qarz yuki darajasini baholash maqsadida respublika bo‘ylab 5,8 ming nafar respondent o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari mamlakatda kredit yuklamasi yuqoriligicha saqlanayotganini ko‘rsatdi.
Tahlillarga ko‘ra, respondentlarning 77 foizi o‘zi yoki oila a’zolaridan kamida birida bank yoki bankdan tashqari qarz majburiyatlari mavjudligini bildirgan. Ulardan 68 foizi bank kreditiga ega bo‘lsa, har beshinchi qarzdorda bankdan tashqari qarzdorlik ham mavjud.
So‘rov ishtirokchilarining aksariyati oilasining o‘rtacha oylik daromadi 12 million so‘mgacha ekanini qayd etgan. Shuningdek, respondentlarning 19 foizi qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘lib, ularning 58 foizi oyiga 4 million so‘mgacha qo‘shimcha daromad olishini ma’lum qilgan.
Qarzlarning maqsadli yo‘nalishi tahlil qilinganda, kreditlarning 20 foizi uy-joy sotib olish yoki ta’mirlashga, 18 foizi avtomobil xaridiga yo‘naltirilgani ma’lum bo‘ldi. E’tiborlisi, qarzdorlarning 8 foizi avvalgi qarzini qoplash uchun yana kredit olganini bildirgan.
So‘rovning eng muhim xulosalaridan biri shundaki, respondentlarning 61 foizi kredit to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirishda qiyinchilikka duch kelayotganini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, qarzdorlarning 47 foizi kelgusi olti oyda to‘lov qobiliyati yaxshilanishiga ishonch bildirgan bo‘lsa, 42 foizi moliyaviy ahvoli o‘zgarmasligini bildirgan.
Tahlil natijalariga ko‘ra, bankdan qarz olgan respondentlarning o‘rtacha qarz yuki darajasi 51 foizni tashkil etgan. Bu esa ularning daromadining yarmidan ko‘prog‘i kredit to‘lovlariga sarflanayotganini anglatadi. Shuningdek, qarzdorlarning 47 foizida qarz yuki daromadining 50 foizidan yuqori darajaga yetgan.
So‘rov ishtirokchilarining 68 foizi kredit to‘lovlari uchun har oy 6 million so‘mdan kam mablag‘ sarflayotganini qayd etgan. Qarzdorlarning 48 foizi kreditni uch yilgacha bo‘lgan muddatda so‘ndirishni rejalashtirgan bo‘lsa, 27 foizi qarzni to‘liq uzish uchun besh yil va undan ortiq vaqt talab etilishini bildirgan.
Mutaxassislarning fikricha, mazkur natijalar aholining moliyaviy barqarorligini ta’minlash, mas’uliyatli qarz olish madaniyatini shakllantirish hamda moliyaviy savodxonlikni yanada oshirish muhim ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA