Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qoldi
Markaziy banki Boshqaruvining 2026-yil 29-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida asosiy stavka 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi. Mazkur qaror mamlakatda narxlar barqarorligini ta’minlash, inflyatsiyani maqsadli ko‘rsatkichga tushirish hamda makroiqtisodiy barqarorlikni saqlashga qaratilgan pul-kredit siyosati doirasida qabul qilindi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil iyun oyi yakunida yillik umumiy inflyatsiya 6,4 foizni tashkil etdi. Bazaviy inflyatsiya esa 5,7 foiz darajasida saqlanib qoldi. Mutaxassislar fikricha, iyun oyida energiya resurslari va toshko‘mir narxlarining oshishi inflyatsiya sur’atlarining qisqa muddatli yuqorilashiga ta’sir ko‘rsatgan.
Shunga qaramay, yil yakuniga qadar umumiy inflyatsiyaning 6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda. Iqtisodiy o‘sish bo‘yicha prognoz ham o‘zgarishsiz qoldirilib, yalpi ichki mahsulot o‘sishi 7,5-8 foiz darajasida bo‘lishi bashorat qilinmoqda.
Ta’kidlanishicha, kelgusi davrda ham pul-kredit siyosati inflyatsiyani bosqichma-bosqich 5 foizlik maqsadli darajaga tushirish, milliy valyuta barqarorligini ta’minlash, makroiqtisodiy muvozanatni mustahkamlash hamda aholining xarid qobiliyatini saqlab qolishga qaratilgan chora-tadbirlar davom ettiriladi.
Iqtisodchilarning fikricha, asosiy stavkaning o‘zgarishsiz qoldirilishi iqtisodiyotdagi mavjud inflyatsion xatarlar va yuqori iqtisodiy faollik o‘rtasidagi muvozanatni saqlashga xizmat qiladi. Bu qaror bank tizimida kredit va depozit foiz stavkalariga ham ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatib, moliyaviy bozorda barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA