Markaziy bank: 35 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ kichik biznesga yo‘naltirildi
Bugungi kunda mamlakat iqtisodiyotining barqaror o‘sishi, aholi bandligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlarini yaratishda tadbirkorlik salohiyati tobora muhim o‘rin egallab bormoqda. Xususan, mikro, kichik va o‘rta biznes sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli islohotlar iqtisodiy faollikni rag‘batlantirishning asosiy omillaridan biriga aylandi.
Davlat tomonidan amalga oshirilayotgan imtiyozli kredit dasturlari, mahallabay ishlash tizimi hamda yangi biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hududlarda tadbirkorlik muhitini yanada kengaytirmoqda.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-mart oylarida iqtisodiyotga barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan jami 88,9 trillion so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,1 foizga ko‘pdir.
Ayniqsa, mikro, kichik va o‘rta biznes sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Birinchi chorak davomida mazkur toifadagi tadbirkorlik sub’ektlariga 35,1 trillion so‘m kredit mablag‘lari yo‘naltirildi. Bu esa 2025-yilning shu davriga nisbatan 20,2 foizlik o‘sishni tashkil etdi.
Tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturlari doirasida jami 7,9 trillion so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. Xususan, mahalla loyihalari uchun 4 trillion 260 milliard so‘m ajratildi. Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash dasturi uchun 1 trillion 331 milliard so‘m ajratildi. Oilaviy tadbirkorlik dasturi uchun 1 trillion 253 milliard so‘m ajratildi. «Biznesga birinchi qadam» dasturi uchun 1 trillion 149 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratildi.
E’tiborli jihati shundaki, mahalla loyihalari doirasida ajratilgan kreditlar hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 36 foizga oshgan. Bu esa aholining o‘zini o‘zi band qilishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi va mahalliy iqtisodiy faollikning kuchayishiga xizmat qilmoqda.
Mazkur raqamlar mamlakat iqtisodiyotida xususiy sektorning o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash hajmining yuqori sur’atlarda o‘sishi hududlarda yangi ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etish, xizmat ko‘rsatish sohasini kengaytirish va aholi bandligini ta’minlashga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, kredit mablag‘larining katta qismi mahallabay ishlash tizimi orqali aholining tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishga yo‘naltirilayotgani davlatning inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga qaratilgan siyosatini aks ettiradi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA