Markazda o‘zbek tili majburan o‘rgatilmaydi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida 70 ga yaqin mutaxassis ishlaydi.
Markaz Prezidentimizning 2019 yil 21 oktyabrdagi «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan mamlakatimizda o‘zbek tili nufuzini yanada oshirish maqsadida tashkil etilgan. Muassasaning respublikamizning 13 hududida filiallari tashkil etilgan bo‘lib, xodimlar markazdan nazorat qilinadi, markaz tasdig‘i bilan tanlanadi.
– Markazimizda ta’lim turi ikki xil shakl: masofaviy va an’anaviy tarzda amalga oshiriladi, – deydi markaz matbuot xizmati rahbari Umida Fayzullayeva. – Tinglovchilar uch oy davomidagi o‘quv kursida tahsil olishadi. O‘quv jarayonlari yakunida uch bosqichli imtihon: insho, og‘zaki savol-javob, test topshiradi. Tinglovchilardan o‘zbek tilida ravon gapirish talab etiladi. Imtihonlar yakunida ular yuz ballik mezonda baholanadi. Ellik beshdan yuqori ball to‘plagan tinglovchilar o‘zbek tilini bilish to‘g‘risidagi maxsus sertifikat bilan taqdirlanadi.
Ayni vaqtda markazda boshqa millat vakillari, o‘zbek tilini o‘rganuvchi 80 nafarga yaqin tinglovchi tahsil olmoqda. Masofaviy ta’lim oluvchilar ham bo‘lib, ular til bilish ko‘nikma va darajalariga qarab alohida guruhlarga ajratilgan. Shuningdek, markaz direktori Inomjon Azizov boshchiligida lotin yozuvli o‘zbek alifbosining o‘zgarishlar xronologiyasi va alifboni jamoatchilikka tez va oson singdirish borasida ishlar olib borilmoqda. Maqsad, o‘zbek tilini majburiy emas, tinglovchilarning qiziqish va ehtiyojlarini inobatga olgan holda o‘rgatishdir.
Markazda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek yozuvi, o‘zbek adabiy tili me’yorlari va davlat tilida ish yuritish bo‘yicha malaka oshirish kurslari tashkil etilgan. O‘quv jarayonlari ikki xil tartibda amalga oshiriladi. Darslar davlat tashkiloti xodimlari uchun va keng aholi qatlami uchun mo‘ljallangan. Boshqa millat vakillari va o‘zbek tilini o‘rganuvchilar uchun «O‘zbek tili», chet elliklar uchun «Qiziqarli o‘zbek tili» kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. «O‘zbek tili va adabiyoti», «O‘zga tillilarga o‘zbek tili» yo‘nalishlarida qayta tayyorlov kurslari faoliyat yuritadi.
Markazda savdo, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ob’ektlariga davlat tilida nom berish xizmati ham faoliyat yuritmoqda.
D.Mamatova, O‘zA