Mariya Timofeyeva Xorvatiyada porlamoqda
Xorvatiyaning Makarska shahrida WTA125 tasnifiga kiruvchi xalqaro turnirda hamyurtimiz Mariya Timofeyeva final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Mariya Timofeyeva musobaqaning yarim finalida ispaniyalik Sara Sorribes Tormo bilan raqobatlashdi. Ushbu uchrashuvda tennischimiz ilk setni 6:2 hisobida o‘z foydasiga hal etgan bo‘lsa, ikkinchi setda 7:5 hisobida g‘alaba qozondi va final bosqichiga chiqdi. Endi tennischimiz so‘nggi hal qiluvchi final o‘yinida latviyalik Darya Semenistayaga qarshi kortga chiqadi.
Ma’lumot uchun, Makarska shahrida davom etayotgan ushbu turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi 115 ming AQSH dollarini tashkil etadi. Turnir g‘olibi 125 reyting ochkosi hamda 8 ming 400 AQSH dollari mukofot puliga ega bo‘ladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA