Mariya Timofeyeva — O‘zbekistonning eng kuchli tennischisi
Xotin-qizlar tennis assotsiatsiyasi (WTA) o‘zining yangilangan reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonning yetti nafar vakilining olti nafari reytingdagi o‘rnini yaxshiladi.
Quvonarlisi, Mariya Timofeyeva besh pog‘ona yuqorilab, jahon reytingining 63-o‘rniga ko‘tarildi. Bu tennischining faoliyatidagi eng yaxshi natija hisoblanadi. Uning avvalgi shaxsiy rekordi 68-o‘rin edi.
Mariya Timofeyeva Pekindagi WTA 1000 turkumiga kiruvchi musobaqada saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tib, uchinchi bosqichga qadar yetib bordi. Ushbu natija tennischiga 135 reyting ochkosini taqdim etdi. Shu tariqa, u avvalgi yetakchimiz Kamilla Rahimovadan o‘zib ketib mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisiga aylandi. Darvoqe, Kamilla esa bu haftada yetti pog‘ona yuqorilab, 69-o‘rinni egalladi.

Mamlakatimizning uchinchi raketkasi Polina Kudermetova ham yangilangan reytingda ikki pog‘ona yuqorilab, 102-o‘ringa joylashdi. Qolgan tennischilarimiz orasida Sevil Yo‘ldosheva 20 pog‘ona ko‘tarilib, 1002-o‘rinni, Milana Maslenkova 21 pog‘ona yuqorilab, 1334-o‘rinni, Darya Shubina esa 15 pog‘ona ko‘tarilib, 1466-o‘rinni egalladi. Layma Vladson besh pog‘ona pastlab, 579-o‘ringa tushdi.

Jahon reytingining kuchli o‘ntaligida ham o‘zgarishlar kuzatildi. Rossiyalik Mirra Andreyeva ikki pog‘ona yuqorilab, uchinchi o‘ringa ko‘tarildi. Amerikalik Jessika Pegula va Koko Goff bir pog‘onadan pastladi. Ukrainalik Elina Svitolina va chexiyalik Karolina Muxova esa bir pog‘onadan yuqoriladi.
Qozog‘istonlik Yelena Rыbakina 9696 ochko bilan reyting peshqadamligini saqlab qoldi. Belarus vakili Arina Sobolenko 7550 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda.
WTA reytingi. 12-oktabr holatiga ko‘ra:
Yelena Ribakina (Qozog‘iston) — 9696 ochko.
Arina Sobolenko (Belarus) — 7550.
Mirra Andreyeva (Rossiya) — 6371.
Jessika Pegula (AQSH) — 6225.
Koko Goff (AQSH) — 5974.
Elina Svitolina (Ukraina) — 5024.
Karolina Muxova (Chexiya) — 4773.
Linda Noskova (Chexiya) — 4679.
Iga Shvyontek (Polsha) — 3999.
Marta Kostyuk (Ukraina) — 3910.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA