Ma’rifiy muloqot sabog‘i
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining tashabbusi bilan “Avlodlar uchrashuvi” doirasida Samarqand viloyati Payariq tumanidagi 6-maktabda shu maskanda tahsil olgan sud faxriysi, “Shuhrat” medali sohibi Mitanboy Ravshanov bilan o‘quvchilar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda Mitanboy Ravshanovning Samarqand va Jizzax viloyatidagi safdoshlari, 20 dan ortiq sud-huquq faxriylari, shogirdlari, sudyalar ishtirok etdi.
Tadbir o‘quvchilarda juda katta taassurot qoldirdi. Gap shundaki, ko‘p yillik mehnat faoliyatini qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga bag‘ishlagan, halol-pok ishlab, elu-yurtning hurmatiga sazovor bo‘lgan huquqshunosning ibratli hayot yo‘li bilan tanishgan o‘quvchilarda kelajakka intilish, a’lo baholarga o‘qishga bo‘lgan havas oshdi.

Bundan 65-70 yillar oldin o‘quvchi sifatida ta’lim, tahsil ko‘rgan qadrdon maktabiga uchrashuvga kelgan sud faxriysi tashrifi, avvalo ustozlarga ehtirom, o‘zi ilm olgan ma’rifat o‘chog‘iga sadoqat hamda avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy bog‘liqlikning ifodasi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shubhasiz, inson hayotida ilk bilim va tarbiya bergan maktabning o‘rni beqiyos ekani, kelgusi yutuqlar poydevori aynan shu maskanda qo‘yilishi mazkur uchrashuvga alohida mazmun bag‘ishladi.
Saida Temirova,
Ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi