Ma’rifiy hamkorlik ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi
Mustaqillik yillarida diniy-ma’rifiy sohada muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Bunda xorijning eng nufuzli oliy ta’lim dargohlari bilan keng hamkorlikning yo‘lga qo‘yilgani e’tiborga molik. O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining bir guruh o‘qituvchilari Misr Arab Respublikasidagi Al-Azhar Xalqaro akademiyasida malaka oshirib qaytdi.
Bu jarayon qanday kechgani xususida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi mudiri Roziya Matibayeva O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:
– Misr Arab Respublikasidagi Al-Azhar Xalqaro akademiyasida “Arab tilini o‘rganish va o‘qitishda innovatsion yondashuv ko‘nikmalarini rivojlantirish” mavzusida tashkil etilgan ikki haftalik malaka oshirish kursi juda yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining 15 nafar professor-o‘qituvchilaridan iborat delegatsiya ishtirok etdi.

Malaka oshirish dasturi doirasida ishtirokchilar arab tilini boshqa til egalariga o‘qitishning zamonaviy metodikasi, innovatsion ta’lim texnologiyalari va ilg‘or pedagogik yondashuvlar bo‘yicha ma’ruza, seminar hamda amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdi. Shuningdek, ta’lim va da’vat faoliyati uyg‘unligi, o‘quv jarayonini samarali tashkil etish va zamonaviy ta’lim usullarini amaliyotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.
O‘quv mashg‘ulotlari davomida ishtirokchilar arab tilini o‘qitish sohasidagi ilg‘or tajribalar bilan tanishib, ta’lim jarayoniga innovatsion usullarni joriy etish, pedagogik yondashuvlarni takomillashtirish, o‘zaro tajriba almashish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.
Mazkur malaka oshirish kursi Al-Azhar ash-Sharif shayxi, ulug‘ imom, professor, doktor Ahmad at-Tayyibning turli mamlakatlardan kelgan olimlar, tadqiqotchilar va professor-o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirish hamda xalqaro akademik hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari doirasida tashkil etildi.

Dastur doirasida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va Al-Azhar Xalqaro akademiyasi o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, Al-Azhar Xalqaro akademiyasi mazkur malaka oshirish dasturi hamda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi bilan amalga oshirilayotgan ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni o‘zining rasmiy axborot platformalari va ijtimoiy tarmoqlarida keng yoritib bormoqda.
Malaka oshirish kursi yakunida ishtirokchilarga Al-Azhar Xalqaro akademiyasi tomonidan sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasining Misr Arab Respublikasidagi elchixonasi vakili Fazliddin Samaritdinov ham ishtirok etdi.
Mazkur dastur professor-o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish, arab tilini zamonaviy va innovatsion yondashuvlar asosida o‘qitish sifatini yuksaltirish hamda ikki muassasa o‘rtasidagi ilmiy-akademik aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Kelgusida mazkur hamkorlik doirasida malaka oshirish va ta’lim dasturlarini kengaytirish rejalashtirilgan. Jumladan, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining bakalavriat va magistratura bosqichi talabalari, shuningdek, doktorantlarning ham Al-Azhar Xalqaro akademiyasida tashkil etiladigan malaka oshirish kurslari va o‘quv dasturlarida ishtirok etishi ko‘zda tutilmoqda. Bu esa yosh mutaxassis va tadqiqotchilarning arab tili bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini yanada oshirish, xalqaro ta’lim muhitida tajriba orttirish hamda ikki muassasa o‘rtasidagi akademik aloqalarni yanada kengaytirishga zamin yaratadi.

Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan yana biri arab tili ta’limida sun’iy intellekt va zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha tajriba almashishdir. Kelgusida ushbu texnologiyalarni o‘quv jarayoniga joriy etish, sun’iy intellekt asosidagi ta’lim resurslaridan foydalanish, talabalarning til ko‘nikmalarini individual yondashuv asosida rivojlantirish hamda o‘qituvchilarning raqamli pedagogik kompetensiyalarini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Mazkur yo‘nalish arab tilini o‘qitish sifatini oshirish barobarida, ta’lim jarayonini zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va Al-Azhar Xalqaro akademiyasi o‘rtasidagi hamkorlik doirasida bunday ta’limiy va ilmiy dasturlarning davom ettirilishi arab tili ta’limi sohasida tajriba almashish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish va xalqaro akademik aloqalarni kengaytirish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zA muxbiri
N.Usmonova yozib oldi.