Ma’rifatli qizlar – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari
Ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy: “Qizlar ta’limi – millat ta’limidir”, deb bejiz aytmagan. Chunki qiz bolani o‘qitish, uni ilmli va yuksak axloqli qilib tarbiyalash – butun bir oilani, demakki, kelajak jamiyatni mustahkam poydevor uzra barpo etish demakdir.
Shuningdek, sharq mutafakkiri va buyuk adabiyot namoyandasi Alisher Navoiy ham ayol va qizlar ma’rifati jamiyat ma’naviyatining bebaho ko‘zgusi ekanini alohida e’tirof etgan. Abu Nasr Forobiy esa fozil va komil inson tarbiyasini jamiyat taraqqiyotining eng muhim omili sifatida talqin qiladi. Uning ta’limotida aql-zakovat, yuksak axloq, ilm va ezgulik inson kamolotining asosiy mezonlari hisoblanadi. Bu bebaho qarashlar bugungi jadallashib borayotgan zamonda va yangilanayotgan O‘zbekistonda yosh avlod, xususan, qizlar tarbiyasida va ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlashda yanada chuqur ahamiyat kasb etmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, biz yurtimizda yangi hayot, yangi jamiyat poydevorini barpo etar ekanmiz, bu jarayonda xotin-qizlarimizning intellektual va ma’naviy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning ta’lim olishi, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi uchun barcha imkoniyatlarni yaratishni eng ustuvor vazifamiz deb bilamiz. Bitta qizni o‘qitsak, butun oilani, butun jamiyatni o‘qitgan bo‘lamiz.
Bugungi kunda Xalqaro Nordik universitetida talaba-qizlarning intellektual, ijodiy va kasbiy salohiyatini tizimli rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Universitetda qizlarning sifatli ta’lim olishi, o‘z qobiliyat va iste’dodlarini po‘latdek iroda va ishonch bilan namoyon etishi, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta egallashi, kelajak kasbini ongli tanlashi hamda jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun keng ko‘lamli imkoniyatlar va qulay sharoitlar yaratilgan.

Ayniqsa, qizlarning zamonaviy ta’lim talablariga mos ravishda bilim olishi, kasbiy kompetensiyalarini oshirishi, liderlik va tashabbuskorlik qobiliyatlarini shakllantirishi, raqamli texnologiyalar hamda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali va xavfsiz foydalanishi borasida tizimli ishlar amaga oshirilmoqda. Bunday zamonaviy imkoniyatlar talaba-qizlarni nafaqat bugungi kun talablariga to‘liq javob beradigan yetuk mutaxassis, balki kelajakni yaratuvchi, yangilikka intiluvchi va o‘z g‘oyalarini hayotga dadil tatbiq eta oladigan faol va tashabbuskor shaxs sifatida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2011-yil 19-dekabrdagi tegishli rezolyutsiyasiga asosan, 11-oktabr butun dunyo bo‘ylab “Xalqaro qizlar kuni” deb e’lon qilingan. Ushbu ayyom dunyoning turli mamlakatlarida qizlarning ta’lim olishi, o‘z huquq va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishi, jamiyat hayotidagi faolligini oshirish hamda kelajakdagi salohiyatini namoyon etishiga diqqat-e’tiborni qaratish maqsadida keng nishonlanadi.
Shu munosabat bilan Xalqaro Nordik universitetida “Bilimli qizlar – yorqin kelajak bunyodkorlari” mavzusida Xalqaro qizlar kuniga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Tadbirni Pedagogika kafedrasi mudiri, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Dilafruz Miraliyeva kirish so‘zi bilan ochdi va ayollar ta’limining bugungi kundagi strategik ahamiyatiga to‘xtaldi.
Ushbu ma’rifiy uchrashuvda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalari — deputat va tadbirkor Iroda Berdiyeva, shuningdek, jamoatchilik hamda san’at yo‘nalishlarida ushbu nufuzli Davlat mukofotini qo‘lga kiritgan Shahnoza Samatova hamda Madinabonu Mamirovalar ishtirok etdi. Ular o‘z faoliyati, hayotiy tajribasi, erishgan yutuqlari va muvaffaqiyat sari bosib o‘tgan zahmatli va sharafli yo‘llari haqida talaba-qizlar bilan samimiy, ochiq va qizg‘in fikr almashdi.
Zulfiyaxonim qizlarining hayotiy tajribalari, kasbiy faoliyatidagi izlanishlari va erishgan zafarlari universitet talaba-qizlari uchun o‘ziga xos ruhlantiruvchi motivatsiya manbaiga aylandi. Suhbat davomida muvaffaqiyat hech qachon tasodifan kelmasligi buning uchun mustahkam bilim, halol mehnat, qat’iyat, doimiy izlanish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Ajdodlarimizning ilm va ma’rifatni inson kamoloti va jamiyat farovonligining muhim asosi sifatida ulug‘lagan ezgu qarashlari bugungi yoshlar tarbiyasida ham o‘z ahamiyatini aslo yo‘qotgani yo‘q. Ta’lim olgan, yuksak dunyoqarashga ega bo‘lgan ayol – ma’rifatli jamiyatning eng mustahkam ustunidir.
Zero, bilimli, iqtidorli, tashabbuskor va o‘z ezgu maqsadlari sari dadil intiladigan qizlar – millatning iftixori, oilaning mustahkam tayanchi, Yangi O‘zbekistonning va yorqin kelajagimizning yengilmas bunyodkorlaridir.
Dilorom Adilova,
Xalqaro Nordik universiteti
Pedagogika kafedrasi dotsenti