“Ma’rifat karvoni” Islom sivilizatsiyasi markazida
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan “Tamaddun, madaniyat va ma’rifat” shiori ostida “Ma’rifat karvoni” tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, professor Narzulla Jo‘rayev, shoir Bobur Bobomurod, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulbahor Erqulova, shuningdek, olimlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, pedagoglar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasini birgalikda ijro etdilar.
Shundan so‘ng, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarlari Vatanimiz madhiyasi va uning tarixi, kelajak avlod oldidagi burch va mas’uliyat haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ham so‘z bordi. Markaz faoliyatiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.
Ta’kidlanganidek, Davlat madhiyasi har bir mamlakatning mustaqilligi, kuch-qudrati, tarixiy qadriyatlari va ma’naviy dunyosini aks ettiradi. 1992 yilda millatimizning bosh qo‘shig‘i, madhiyamiz qabul qilingan edi. Shundan buyon davlat madhiyasi Vatanimiz ozodligi, farovonligining ifodasi sifatida yangrab kelmoqda. Bu betakror taronani tinglaganda beixtiyor qalbimizda g‘urur, iftixor, yurt taqdiri uchun daxldorlik kabi tuyg‘ular jush uradi. Madhiyamizning har bir satri mustaqil Vatanimizning ma’lum bir qirrasini namoyon etadi. Unda ona- diyorimizning go‘zal tabiati, xalqimizning azaliy qadriyatlari, qadimiy va boy tariximiz, bugungi kun va buyuk kelajagimiz tarannum etiladi. Zotan, har birimiz bu qo‘shiqni dilda saqlashimiz, mehr va muhabbat ila kuylashimiz, avaylab asrashimiz zarur.

–Bugungi kunda poytaxtimizda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar yakuniga yetmoqda, – dedi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov. – Shu paytga qadar Prezidentimiz bir necha marotaba Islom sivilizatsiyasi markazining loyihalash va qurilish ishlari bilan tanishish uchun tashrif buyurdilar. Markazning muhtasham binosini sifatli va mazmunli kontent bilan to‘ldirish har birimizdan alohida mas’uliyat talab etmoqda. Shu bois bir necha oydirki, markazimizning ilmiy xodimlari va tadqiqotchilari yurtimizdagi va xorijiy olimlar bilan hamkorlikda markaz kontenti va konsepsiyasini takomillashtirish ustida ish olib bormoqda. Shu bilan birga, Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy yilning 3-15 dekabr kunlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi va boshqa qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Ma’rifat karvoni” loyihasi doirasida joylarda turli uchrashuvlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov yoshlarda Vatanga muhabbat tuyg‘usining shakllanishida Davlat madhiyasi muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Tadbirda professor Narzulla Jo‘rayev O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining qabul qilinishi tarixi xususida to‘xtalib o‘tdi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulbahor Erqulova hamda boshqa o‘zbek san’ati vakillari tomonidan musiqiy dastur namoyish etildi.
N.Usmonova,
O‘zA