Marhum askar xizmatlari xotirlandi
Poytaxtimizda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan xizmat chog‘ida qahramonlarcha halok bo‘lgan marhum oddiy askar Eldor Omonturdiyev xotirasiga bag‘ishlangan sport turniri tashkil etildi.
Tadbir avvalida favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari polkovnik N.Qodirov marhumning xonadoniga tashrif buyurib, uning ota-onasi va yaqinlari bilan uchrashdi.

Suhbat chog‘ida Vatan himoyasi yo‘lida munosib xizmat qilgan farzandni tarbiyalagani uchun oila a’zolariga samimiy minnatdorlik bildirdi hamda marhumning xotirasi xalqimiz qalbida hamisha saqlanishini ta’kidladi.

Shundan so‘ng marhum ta’lim olgan maktabga borilib, ishtirokchilar bilan uchrashildi. Vazir o‘rinbosari o‘z chiqishida Eldor Omonturdiyevning hayot yo‘li, Vatan ravnaqi yo‘lida qilgan xizmatlari, sadoqati, yuksak insoniy fazilatlari va yoshlar uchun ibrat bo‘la oladigan jasorati haqida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, mamlakatimizda yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, milliy qadriyatlar va qahramonlar xotirasini ardoqlashga qaratilgan ishlar izchil davom etayotganini qayd etdi.

Musobaqa qizg‘in va murosasiz bahslarga boy tarzda o‘tdi. Turnir yakunida g‘olib va sovrindorlar tantanali ravishda taqdirlanib, marhumning yorqin xotirasi hurmat va ehtirom bilan yod etildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA