Marhamatda 30 nafar xotin-qiz ishli bo‘ldi
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, ishsiz ayol va qizlarning bandligini ta’minlash, ularning doimiy daromad manbaini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada Andijon viloyati Marhamat tumanida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. Marhamat tumani hokimi Boburjon Yuldashev, tuman hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Hafizaxon Mamarizayeva boshchiligida tumandagi turli mahallalarda yashovchi ishsiz, lekin ishlash istagi bo‘lgan 120 nafar xotin-qiz Turon mahallasida joylashgan "Royal Thay branch" mas’uliyati cheklangan jamiyatining trikotaj korxonasida bo‘ldi. Xotin-qizlar korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlari, ishchi-xodimlarga yaratilgan sharoitlar hamda mavjud ish o‘rinlari bilan tanishtirildi.
[gallery-10007]
Asosan, bolalar uchun trikotaj mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan "Royal Thay branch" da 100 nafar xotin-qiz mehnat qiladi. Ayni kunda korxona yana 200 nafar kishini ishga qabul qilish imkoniga ega. Korxonada ishchi-xizmatchilarning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan, bajarilgan ishga qarab, oylik ish haqi muntazam berib boriladi.
– Korxonaning uyimga yaqinligi, qolaversa, bu yerda yaratilgan sharoitlar menga ma’qul kelib, ishga joylashdim, – deydi Qushchi mahallasida yashovchi Sobiraxon Nazarova. – Nasib etsa, ishni puxta o‘rganib, yaxshi ishlab, oilamga moddiy jihatdan yordam berishga astoydil harakat qilaman.
Korxonada bo‘lgan ayollarning 30 nafari ishlash istagini bildirdi. Ular bilan shu yerning o‘zida mehnat shartnomasi tuzildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA