Mardlar qoʻriqlaydi Vatanni
Talabalar, harbiy kafedra ofitserlari va professor-oʻqituvchilaridan iborat 513 nafar mehmonlar oʻzlari uchun ajratilgan joylarini egallashmoqda.
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar yoshlar markazi bayramona ruhda bezatilgan. Sahnaga Vatanparvarlikni madh etuvchi shior va lozunglar, gullar oʻrnatilgan. Ovoz kuchaytirgich orqali Vatan, istiqlolni madh etuvchi musiqalar yangramoqda.
Talabalar, harbiy kafedra ofitserlari va professor-oʻqituvchilaridan iborat 513 nafar mehmonlar oʻzlari uchun ajratilgan joylarini egallashmoqda.
Toshkent shahar yoshlar markazida Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti tomonidan Milliy gvardiya harbiy-texnik instituti, “Oʻzbekkonsert” davlat muassasasi, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi hamkorligida talaba-yoshlari oʻrtasida oʻtkazilgan “Shunqorlar” harbiy-sport musobaqasi gʻoliblarini taqdirlash va “Vatanparvarlik-milliy yuksalish kafolati” shiori ostidagi maʼdaniy-maʼrifiy tadbiri boʻlib oʻtdi.
– Dunyoda sharafli vazifalar juda koʻp, ammo ular ichida kindik qoning tomgan Vataningni himoya qilish sharaflilar ichra sharaflisidir. Negaki, Vatan – bu insonga ato etilgan eng qutlugʻ neʼmat, ajdodlarimiz uygʻoq, ruhi kezib yurgan tabarruk goʻsha, ularning nafasi ufurib turgan muqaddas tuproqdir! Vatan asl vatanparvarlar koʻksida jon qadar eʼzoz va himoya topadi, – deydi OʻzMU Yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektori Kamoliddin Mirzaahmedov. – Jaloliddin Manguberdi shijoati, Amir Temur jasorati. Bular koʻksida Vatan degan quyoshni koʻtarib yashagan ulugʻ ajdodlarimiz. Shu bois ular qalblarimiz toʻrida. Vatan tarixini nima bezab turadi, deb soʻrasalar, men hech ikkilanmay shijoatu jasorat, maʼrifat-u adolat, sadoqat-u himoyat, degan boʻlar edik.
Shuningdek, tadbirda soʻzga chiqqan OʻzMU birinchi prorektori Davlatbay Jumabayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Xurshid Doʻstmuhammad, “Nuroniy” jamgʻarmasi Respublika boshqaruvi raisi Shuxrat Jalilov, Talabalar shaharchasi xokimi Qahramon Shonazarov, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Rasuljon Xakimovlar xam Vatan himoyasi, uning shaʼni, qadr-qimmatini saqlash har bir fuqaroning burchi ekanligi, har bir fuqaroning oliy burchi ekanligiga alohida toʻxtalishdi.
Talaba-yoshlar tomonidan tayyorlangan bayram dasturi ishtirokchilarga koʻtarinki rux va kayfiyat baxsh etdi.
OʻzMU Axborot xizmati