Maqsadimiz – zamonaviy o‘zbek ayoli qiyofasi qanday shakllanganini ko‘rsatish (+video)
Prezident tashrifidan so‘ng...
Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 yanvar kuni Olmazor tumani Hastimom mahallasidagi Zarqaynar ko‘chasida tashkil etilgan turizm va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari faoliyati bilan tanishgan edi.
Mazkur ko‘chada hunarmand ayollarimiz uchun ham savdo markazlari ochilib, ko‘plab ish o‘rinlari yaratilgan. Prezident tashrif doirasida tadbirkor va hunarmand, Fransiyada malaka oshirib kelgan dizayner Elnora Ibragimova-Rizayeva bilan suhbatlashdi. U davlatimiz rahbariga Islom sivilizatsiyasi markazi yonida barpo etilgan “Zanmakon” ekotizimi haqida aytib bergan edi. Qayd etish kerak, “Zanmakon” – galereya, ayollar uy muzeyi, shuningdek, dizaynerlar ustaxonalari va hunarmandlar faoliyat yuritadigan kutubxona hamda master-klasslar uchun hududni o‘z ichiga oladi.
O‘zA ijodiy jamoasi Elnora bilan hamkorlikda maxsus video tayyorladi. Materialda ob’ektlardagi madaniy-tarixiy ashyolar, ayollar qo‘lda tikkan kiyimlar va saqlanayotgan asarlar haqida hikoya qilinadi. Shuningdek, Prezident tashrifi doirasida ilgari surilgan tashabbuslar, ayollar uy muzeyidagi ishlar alohida ko‘rsatilgan.
– Prezident Shavkat Mirziyoyev muzeyimizni ko‘zdan kechirdilar. Men davlatimiz rahbariga xotin-qizlar uchun yaratilgan ob’ektlarni ekskursiya qilib ko‘rsatdim. Bu men uchun juda katta sharaf. Prezidentimiz bizning ishlarimizga baho bergani va shu yo‘nalishda yanada olg‘a intilishimizni aytgani juda quvonarli. Biz davlatimiz rahbaridan nihoyatda minnatdormiz. Zero, yonimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi shaharning eski qismida yashovchi barcha aholi va sayyohlar uchun jamlanish nuqtasiga aylangan, – dedi hunarmand qiz. – Galereyamizda mahalliy va xorijiy brendlar joylashgan. Dizayner va rassom ayollar tomonidan yaratilgan yangi suvenir haykalchalar, hunarmandlar tomonidan tayyorlangan sumkalar mavjud. Zargarlik buyumlaridan iborat brendlarimiz, ayniqsa, sayyohlarni o‘ziga jalb etayotgani Prezidentimizga juda manzur bo‘ldi.
“Stone City” deb atalgan brendimni ham namoyish qildim. Bu Parijda yashab, o‘qib yurgan kezlarimda asos solgan loyiham hisoblanadi. Bu o‘zbek matolaridan tikiladigan kiyimlar brendi. Prezident “The Clothes” – kundalik kiyish uchun mo‘ljallangan kiyimlar brendi bilan ham tanishdilar. Bunday uslubdagi kiyimlar trendlardan mustaqil, uni har doim, har qanday tadbirlarda kiyish mumkinligini qayd etdim.
Makonimizning muhim qismi – ayollar muzeyi sifatida e’tirof etildi. Ushbu muzeyni sayyohlar va mahalliy aholi uchun yaratganmiz. “Zanmakon”ning konsepsiyasi “Mahalla – mehmon”. Ya’ni, biz ustalarmiz, mamlakatimizga kelgan mehmonlar, o‘z mahallamiz aholisi bilan ham muloqot qilamiz. Bu esa ishlash, rivojlanish va yangi bilimlarni egallash uchun yaxshi muhit yaratadi.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu muzeyni yaratishdan maqsadimiz – yurtdoshlarimiz, ayniqsa, ayollar va sayyohlarga o‘zbek ayoli aslida kim, so‘nggi 125 yil davomida qanday bo‘lgani, zamonaviy ayol qiyofasi qanday shakllanganini ko‘rsatishdir.
Davomi videoda…
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/GthSGmV2lZg" title="Elnora, poobavshayasya s Prezidentom" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Behruz XUDOYBERDIEV, Ulug‘bek TO‘XTAEV (video), O‘zA