Maqsadimiz taʼlim sifatini oshirish
Bugun nafaqat bizning yurtimizda, balki butun dunyoda insoniyat ogʻir kunlarni boshidan kechirmoqda.
Bugun nafaqat bizning yurtimizda, balki butun dunyoda insoniyat ogʻir kunlarni boshidan kechirmoqda. Dunyoning iqtisodiy jihatdan manaman degan davlatlari ham bu pandemiya oldida ojizlik qilib qolmoqda. Yaratgan barchamizni bir silkitib oldi va bizni yana bir bor ogohlikka, koʻzimizni kattaroq ochishga, tafakkur qilib olishga chaqirdi. Respublikamizda shu yil 15-martdan eʼtiboran karantin eʼlon qilindi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning oʻz xalqi tashvishi bilan yashashi, dardiga hamdard ekanligi, ayniqsa, shu ogʻir kunlarda yana-da sezildi.
Lekin ayni shu kunlarda baʼzi ommaviy axborot vositalarida pandemiya sharoitida Respublika oliy taʼlim tizimida masofadan darslarning sifatsiz tashkil etilganligi bahonasida kontrakt toʻlovlarini qisqartirish masalasi koʻtarilgan. Biz bu oʻrinda oʻzaro ikki tarafga boʻlinib olib, tortishmoqchi emasmiz. Maqsadimiz – bor vaziyatni ochiq-oydin oʻrtaga tashlash.
Bildirilgan fikrlarda, ayniqsa, ijodiy taʼlim yoʻnalishlaridagi dars mashgʻulotlari sifati toʻgʻrisida umumiy tarzdagi fikrlar bildirilgan. Bu boradagi muammolar taʼlim muassasalariga ham ayon. Ayni kunlarda bu kabi nuqsonlarni qadamma-qadam bartaraf etish uchun pedagoglarning yangi taʼlim sharoitidagi kasbiy mahoratlarini oshirish, yangi koʻrinishdagi oʻquv-metodik jarayonlarni oʻzlashtirishi ustida ishlar olib borilmoqda. Shuning uchun umumiy mulohazalarni mavhum bildirmay aniq takliflar bayon etilsa, koʻproq foyda boʻlardi. Ayniqsa, ijodiy qobiliyatga ega talabalar bunday fikr berishga bilimi ham, iqtidori ham yetadi. Negaki, ijodiy iqtidorga ega isteʼdodli shaxs, odatda, har tomonlama talant sohibi boʻladi.
Tan olish kerak, barcha professor-oʻqituvchilar ham qisqa vaqtda yangi formatdagi taʼlim texnologiyalarini mukammal oʻzlashtirishga qodir emasligi ayon boʻldi. Bu ishlarni sifatli tashkil etish maqsadida professor-oʻqituvchilar uchun masofaviy malaka oshirish kurslari tashkil etildi. Oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida oʻquv materiallari hamda darslarni olib borish metodikalari borasida oʻzaro tajriba almashish yoʻlga qoʻyildi. Oʻquv jarayoni toʻxtab qolmasligi, oʻquv kursini joriy oʻquv yilida talabalar bitirib olishlari uchun barcha tashkiliy, uslubiy, texnik choralar koʻrildi, zaruriy hisoblangan dasturiy vositalar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.
Pandemiya sharoitida tashkil etilgan masofaviy taʼlim jarayonlarida institutning butun jamoasi bir yoqadan bosh chiqarib faoliyat koʻrsatdi. Karantin holati, deb tek oʻtirishmadi, butun tajribalarini ishga solib, mahorat bilan dars mashgʻulotlarini olib borishdi. Qolaversa, masofaviy taʼlim masalasiga yaqin-yaqinlarda ham iloji boʻlmagan holat sifatida qarab kelinayotgan edi. Har ishdan bir xayr, deganlaridek, bu sohada ham katta matonat bilan yetarli tajribaga ega boʻldik. Masofaviy taʼlim sifatini yana-da oshirish maqsadida yangi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnikalarini xarid qilib, yigirmaga yaqin auditoriyamizni jihozlamoqdamiz. Bu ishlar yana davom ettiriladi.
Quvonarlisi, ustozlarning masofadan turib bergan saboqlari natijasida koʻpgina talabalarimizning mustaqil ijodiy faoliyatlari yana-da takomillashdi, oʻzlarining isteʼdodlarini yana-da yaqqol namoyon eta oldilar. Bular bizni quvontiradi, albatta.
Yana bir vaziyatni aytib oʻtishni maʼqul topdik: bugungi shunday ogʻir sharoitda ham bitiruvchi talabalarimiz Davlat attestatsiya sinovlarini muvaffaqiyatli topshirishdi va oʻz iqtidorlarini, ijodiy tayyorgarliklarining sifati darajasini munosib koʻrsata olishdi.
Shartnoma toʻlovlari masalasiga kelsak, Sanʼat taʼlim yoʻnalishlarida bir talabaning bir oʻquv yilida oʻqitish xarajatining eng kam miqdori 21 million 485 ming 622 soʻmni tashkil etadi. Ushbu summadan professor-oʻqituvchi va xodimlar ish haqlari uchun 20 million 535 ming soʻm sarf etiladi. Lekin bir talabaning amaldagi yillik toʻlov summasi 7 million 516 ming 400 soʻmni tashkil etmoqda, yaʼni joriy saqlash xarajatlarining bor-yoʻgʻi 35,0 foizini qoplamoqda, xolos. Uning yetmay qolgan 65,0 foizi davlat byudjeti hamda institutning byudjetdan tashqari topgan mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Taʼlim sifati borasidagi turli mulohazalar ham bizni yana bir bor tafakkur qilishimizga asos boʻla oladi. Dono xalqimiz: Birni koʻrib fikr qil, birni koʻrib shukur qil, deb bejizga aytmagan.
Yuqorida aytilganlarning hammasi oʻz-oʻzidan boʻlib qolgan emas. Bu ishlarning, yutuqlarning zamirida chuqur izlanish, katta mehnat turibdi. Bular minnat uchun emas, vaziyatni toʻgʻri baholash maqsadida aytilmoqda.
Zora, bu darddan tezroq qutilsagu, odamzod oʻziga kelib, ezgulik sari intilsa! Navoiy bobomiz aytganidek, bu dunyoda bir-birimizga doʻstu yor boʻlib yashasak, dushmanlikni, gʻayirlikni unutsak!
P.S. Maʼlumot uchun: yangi oʻquv yilidan kontrakt asosida oʻqiydigan talabalarning moddiy-iqtisodiy imkoniyatlari har bir taʼlim muassasasi maʼmuriyati, Yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkiloti, kasaba uyushmasi tomonidan doimiy oʻrganib borish yoʻlga qoʻyiladi va amaliy yordam koʻrsatish tizimi joriy etiladi.
Ibrohim Yoʻldoshev,
Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti rektori, filologiya fanlari doktori, professor