Maqsadimiz – aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash
Prezidentimiz tashabbusi bilan aholining toza ichimlik suvi ta’minotini tubdan yaxshilash, buning uchun mavjud suv quvurlarini rekonstruksiya qilish, ichimlik suvi yetib bormagan qishloq va mahallalarga yangi quvurlar o‘tkazib, yurtdoshlarimizning obi-hayotga ehtiyojini qondirish davlatimiz belgilab olgan vazifalarning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Surxondaryo viloyatida ham bu borada salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Masalan, shu yil boshida voha aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 62,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, shu kungacha bu ko‘rsatkich 64,1 foizga yetdi.
Iste’molchilarning sifatli ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash uchun yilning o‘tgan davrida 190 kilometrdan ortiq suv tarmoqlari, to‘rtta ichimlik suvi inshooti bunyod etildi.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 25 dekabrdagi 404-qarori va Vazirlar Mahkamasining Rayosat bayoniga asosan joriy yil 9 ta ichimlik va oqova suv ob’ektlarida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun 164,6 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Bu mablag‘ hisobidan 19 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i, bitta dona suv inshooti, 6,7 kilometr oqova suv tarmog‘i hamda ikkita oqova suv inshootini qurish rejalashtirilgan edi.
Bu mablag‘ hisobidan 14 km ichimlik suvi quvuri yotqizilib, bitta ichimlik suvi inshooti barpo etildi. Qariyb besh kilometr oqova suv tarmog‘i va bitta oqova suv inshooti qurildi, rekonstruksiya qilindi. Yil davomida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan oltita ob’ektdan to‘rttasida qurilish-montaj ishlari yakunlanib, ishga tushirildi. Surxondaryo viloyati aholisining ichimlik suvi ta’minotini “To‘palang” suv ombori manbalari hisobiga yaxshilash ob’ektida quvvati 200 ming m3/sutka bo‘lgan ichimlik suvi tozalash inshootida ham qurilish ishlari nihoyasiga yetkazildi. Viloyatning Denov, Qumqo‘rg‘on, Sariosiyo va Sho‘rchi tumanlarida 34 ta mahalladagi qariyb 142 ming aholi “To‘palang” suv omborining toza, sifatli obi-hayotidan bahramand bo‘la boshladi. Ayni paytda Oltinsoy tumanida tarmoq tortish, rezervuar qurish, Bandixon tumanida ichki tarmoq tortish ishlari olib borilmoqda.
Yirik loyihaning dastlabki bosqichi ishga tushirilishi evaziga Denov tumani markazidagi 14 ta mahallada yashaydigan 71 ming 200 kishi, Qumqo‘rg‘on tumanida 3 ta mahalladagi 10 ming 600 iste’molchi, Sariosiyo tumanidagi 9 ta mahallaning 32 ming 600 aholisi, Sho‘rchi tumani markazidagi 8 mahallada istiqomat qiladigan 27 ming 500 kishi ana shu suvdan bahramand bo‘layotir.
Viloyat hokimligi mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan Boysun tumanining olis va chekka Dexibola mahallasiga 5,8 kilometr ichimlik suvi quvuri tortildi. Denov tumanidagi chekka Alamjahon qishlog‘i aholisini ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun 19,4 kilometr suv quvuri yotqizildi. Shu tumandagi Namuna mahallasiga “Surxondaryo suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati 1,5 kilometr ichimlik suvi quvuri qurib berdi.
Jarqo‘rg‘on tumanidagi Gulxovuz mahallasi aholisining ichimlik suvi ta’minoti “Tashabbusli byudjet” va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan hal etilib, 17 kilometr masofaga quvur tortildi. Qoraqursoq mahallasiga ilk bor ichimlik suvini yetkazib berish uchun “Surxondaryo suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati va Jarqo‘rg‘on tuman hokimligi mahalliy byudjeti mablag‘laridan foydalanib uch kilometr masofaga suv quvuri yotqizildi. Qorayontoq mahallasida ichimlik suvi muammosini yechish maqsadida mahalliy byudjet mablag‘laridan foydalanib, 4,5 kilometr masofaga quvur o‘rnatildi.
Yilning o‘tgan davrida “Surxondaryo suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati, mahalliy byudjet mablag‘lari va “Tashabbusli byudjet” mablag‘lari hisobidan 13 ta aholi punkti sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Shuningdek, tumanlar va Termiz shahar suv ta’minot bo‘limlari 463,3 kilometr ichimlik suvi tarmog‘ini, 312 ta nasos va uskunalarni profilaktik ko‘rikdan o‘tkazib, joriy hamda mukammal ta’mirladi.
Lo‘nda qilib aytganda, to‘qqiz oyda 110 ta mahalladagi 33 ming 200 aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi. 34 ta mahalladagi 17 mingdan ortiq iste’molchining suv ta’minoti yaxshilandi.
Joylarda amalga oshirilayotgan bu ishlar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Buning uchun katta mablag‘ va mehnat sarflanmoqda. Hayotning o‘zi suvdan tejab foydalanishni taqozo etmoqda. Shu maqsadda iste’molchilarga zamonaviy suv hisoblagichlar o‘rnatishga ham alohida e’tibor qaratilib, bir yo‘la obi-hayotni isrof qilmay foydalanish yuzasidan tushuntirishlar berilmoqda. Toza, sifatli ichimlik suvini tejash maqsadida ko‘chalarga o‘rnatilgan jo‘mraklardan foydalanuvchi iste’molchilarning ichimlik suvi tarmog‘i uy xo‘jaligigacha kiritib berilmoqda. Jumladan, yilning o‘tgan davrida 38 ming 860 iste’molchiga suv hisoblagich o‘rnatildi. 12 mingdan ortiq iste’molchining ichimlik suvi tarmog‘i hovlisiga kiritildi. Suv inshootlariga o‘z mablag‘imiz hisobidan 70 ta energotejamkor nasos o‘rnatildi.
Yil yakunigacha voha aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 64,1 foizga yetkazish uchun 2024 yilgi “Tashabbusli byudjet” dasturining birinchi mavsumida g‘olib bo‘lgan to‘rtta tumandagi oltita mahallaning ichimlik suvi ob’ektida qurilish ishlarini, viloyatning mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan Sho‘rchi tumani Sakson kapa mahallasida uch kilometr ichimlik suvi quvuri yotqizish ishlarini yakunlash mo‘ljallanmoqda. “Surxondaryo suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati mablag‘lari hisobidan ichki tarmoqlarini qurish va uskunalar o‘rnatish orqali Qumqo‘rg‘on tumanidagi yettita mahallada qariyb 22 ming aholining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash va boshqa qator ishlarni yakunlash rejalashtirilayotir. Shu hisobda yana 52,7 kilometr ichimlik suvi quvuri tortilib, 28 ta nasos va uskunani profilaktik ko‘rikdan o‘tkazish hamda joriy va mukammal ta’mirlash ko‘zda tutilmoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan barcha ishlar yurtdoshlarimizni sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlab, ularning hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgani e’tiborga sazovordir.
Abdulla Mamatqulov,
“Surxondaryo suv ta’minoti” AJ direktori.
O‘zA