Maqsad yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish
Qashqadaryo viloyati transport boshqarmasi tomonidan Qarshi shahrida jamoat transporti faoliyatini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilajak ishlar bilan tanishtirish maqsadida bir guruh OAV xodimlari va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.
Dastlab ishtirokchilar uchun Qarshi temir yo‘l vokzali bekatida ko‘rgazmali taqdimot tashkil etildi. So‘ng Qarshi shahridagi “Islom Karimov” ko‘chasida qurilgan aqlli bekat bilan tanishildi va huddi shu ko‘chada avtobuslar harakati uchun tashkil etiladigan maxsus yo‘lak bo‘yicha taqdimot qilindi.
Ta’kidlash lozimki, davlatimiz rahbarining tegishli qarorlari ijrosi doirasida o‘tgan yilda viloyatga tadbirkorlar tomonidan jami 80 dona yangi avtobus sotib olib kelindi. Jumladan, Qarshi tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan “Sharofiddin Nurillo” MCHJ tomonidan Xitoy Xalq Respublikasidan jami 30 dona katta hajmli “GOLDEN DRAGON” rusumli avtobuslar keltirildi va Qarshi shahridagi 1- va 7-shahar ichi avtobus yo‘nalishlariga joylashtirildi.
Bundan tashqari, Qarshi shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan “TRANS AVTO QARSHI” unitar korxonasi tomonidan 50 dona ISUZU rusumli avtobuslar viloyatga olib kelingan bo‘lib, bugungi kunda ushbu avtobuslarni xarid qilish uchun kredit mablag‘lari ajratilishi bo‘yicha ish olib borilmoqda.
Shuningdek, aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida 2020 yilda Qarshi shahrida 34 ta, Qarshi tumanida 4 ta, Qamashi tumanida 4 tadan yangi zamonaviy tipdagi aqlli bekatlar tadbirkorlar tomonidan qurib ishga tushirildi.
Press-tur doirasida ishtirokchilar Koson tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan “Koson trans servis” MCHJ tomonidan tashkil etilgan yangi avtotransport kompleksi faoliyati bilan ham yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi.
Shundan so‘ng OAV xodimlari va blogerlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi.
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, Prezidentimizning 2020 yil 12-13 noyabr kunlari viloyatimizga tashrifi davomida bergan topshiriqlari asosida viloyatda Transport vazirligi va Toshkent transport universitetidan biriktirilgan ishchi guruh tomonidan birinchi bosqichda Qarshi shahrida mavjud 44 ta yo‘nalishli taksi yo‘nalishlari qaytadan ko‘rib chiqilgan. Ushbu yo‘nalishlar o‘rnini to‘liq qoplaydigan 15 ta avtobus yo‘nalishlari aniqlanib, ularning sxemalari chizib tayyorlandi.
Qarshi shahar ichi transport modelini yaratish, shaharda mavjud tirbandliklarni bartaraf qilish maqsadida, shaharga boshqa viloyatlardan va tumanlardan kirib keladigan 6 ta yo‘nalishlarda harakatlanuvchi yo‘lovchi tashish transport vositalari kelib to‘xtashlari uchun 5 ta hududda yangi avtostansiya qurish uchun yer maydonlari Qarshi shahar hokimining tavsiyasiga asosan tanlab olindi. Hozirgi kunda ushbu hududlarda avtostansiyalarni qurish uchun salohiyatli tadbirkorlar tanlanmoqda.
Ishchi guruh tomonidan viloyat bo‘yicha yangi transport modelini yaratish maqsadida viloyatdagi barcha shahar va tumanlarning jami 343 ta yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari qayta inventarizatsiyadan o‘tkazib chiqildi va qishloq bilan tuman markazini, tuman markazi bilan viloyat markazini bog‘lovchi yo‘nalishlar tashkil qilish choralari ko‘rilmoqda.
O‘.Barotov, J.Norqobilov(surat), O‘zA