Maqsad – tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasida “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ularga berilayotgan imtiyoz va qulayliklar” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasida “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ularga berilayotgan imtiyoz va qulayliklar” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahar adliya va Davlat soliq boshqarmalari mutaxassislari tadbirkorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida ma’lumot berdi.
Tadbirda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbarining 2014-yil 15-apreldagi “Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq tartibotlarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori tadbirkorlik subyektlari uchun yanada qulay shart-sharoit yaratdi. Mazkur hujjat asosida xususiy sektorning har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani tadbirkor hamda tashabbuskor mulkdorlar safi kengayishiga xizmat qilmoqda.
– Joriy yilda tadbirkorlikka oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan seminarlar, davra suhbatlari, “Tadbirkorlar kunlari” tashkil etildi, – deydi Savdo-sanoat palatasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Behzod Ibrohimov. – Mazkur tadbirlarda kichik biznes vakillarining me’yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan imtiyozlar haqidagi bilim va tushunchasi yanada boyitildi.
Seminar-treningda biznesni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, tadbirkorlik subyektlarining tashqi iqtisodiy faoliyatini amalga oshirish masalalari xususida so‘z yuritildi. Shu bilan birga, palataning hududiy boshqarmalari, shahar, tuman biznes hamda axborot-maslahat markazlari e’tiborini Toshkent shahridagi sanoat korxonalari va kichik biznes subyektlari faoliyatida uchrayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratish zarurligi qayd etildi.
Tadbirda jamiyatimizda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, nazorat qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilayotgan tekshirishlarning qonuniyligini ta’minlash, kichik biznes subyektlariga soliq sohasida yaratilayotgan imtiyoz va afzalliklar to‘g‘risida o‘zaro fikr almashildi.