Maqsad, sog‘lom va baxtli turmush kechirish
Prezidentimiz uchun xalqimiz salomatligi muhim ekanligi Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomada yana bir namoyon bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari iqtisodiyot, ijtimoiy hayotning barcha jabhalarini tanqidiy tahlil qilib, 2023 yilda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalarni belgilab berdi. Har bir vazifaning aniq belgilanishi samaralarning ham sezilarli bo‘lishini kafolatlamoqda. Buni o‘tgan yillardagi Murojaatnomalar asosida amalga oshirilgan ishlar misolida ham ko‘rish mumkin.

Murojaatnomada xalqimizning malakali va sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari yanada kengaytirilishi ta’kidlab o‘tildi. Keyingi yillarda tibbiyotning xalqqa yaqinlashtirilayotgani, ixtisoslashtirilgan xizmatlar quyi bo‘g‘inlarda ko‘rsatila boshlaganligi xalqimizga malakali va sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatini yaratib bergan edi. Endilikda bu imkoniyatlarning kengaytirilishi aholining tibbiy xizmatdan rozi bo‘lishi, salomatligi mustahkamlanishi, hayot sifati yaxshilanishiga olib keladi.
Bepul tibbiy yordamning kafolatlangani qonun bilan belgilanishi esa ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etish barobarida, bepul va pullik tibbiy xizmat haqida xalqimiz aniq tasavvurga ega bo‘lishiga yordam beradi.

Davlatimiz rahbari ajratilayotgan mablag‘lar har bir bemorga yetib borishi uchun davlat tibbiy sug‘urtasiga o‘tish tezlashtirilishini ham aytib o‘tdi. Ta’kidlash joizki, tajriba tariqasida qo‘llanilgan ushbu tizim qisqa bir yilda minglab yurtdoshlarimizning hayot sifatini yaxshilashga xizmat qildi. Xorazm viloyatida 350 ga yaqin bemorlarda o‘tkazilgan noyob jarrohlik amaliyotlari xarajatlari davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab berildi. Jumladan, endoprotezlash, yurak qon-tomir, urologik kasalliklarda noyob amaliyotlar o‘tkazilishi natijasida uzoq yillardan buyon og‘ir darddan aziyat chekib kelayotgan insonlar salomatligi mustahkamlanmoqda. Shuni ham aytib o‘tish joizki, endilikda viloyatimizda buyrak ko‘chirish amaliyotlari tizimli yo‘lga qo‘yildi. Ushbu amaliyot xarajatlari ham davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi hisobidan qoplanmoqda.
Prezidentimiz sog‘lom ovqatlanish ratsioniga doir tavsiyalar odamlarga yetkazilmayotgani, turli yoshdagi kishilar uchun jismoniy mashqlarni o‘rgatish ishlari yo‘qligini aytdi.
Inson salomatligini mustahkamlashda sog‘lom ovqatlanish va jismoniy faollikning ahamiyati katta. Bu borada sezilarli natijalarga erishish uchun targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish barobarida amaliy harakatlarni ham kuchaytirishimiz kerak. Zero, kasallikni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan afzal.
“To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” yangi umummilliy harakati orqali biz millatimiz salomatligini asrashga, uzoq umr ko‘rish ko‘rsatkichlari oshishiga erishamiz. Natijada ulkan maqsadlar yo‘lida yanada dadil harakat qilish imkoniyatlarimiz kengayadi.
Biz, tibbiyot xodimlari xalqimiz sog‘lom va baxtli turmush kechirishlari uchun mahoratimiz va mehnatimizni ayamaymiz.
Sodiqjon Sodiqov,
Xorazm viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari.
O‘zA