Maqsad – qishni talafotsiz o‘tkazish
Jizzax viloyati prokurori Baxtiyor Ibrohimov boshchiligidagi ishchi guruhi a’zolari tomonidan Jizzax shahri markazida o‘rnatilgan Yangi yil bosh archasi yonida tashkil qilingan tadbirlarda jamoat tartibini saqlash va favqulodda holatlarning oldini olish, “Zargarlik” mahallasidagi ko‘p qavatli uy-joylar, Endokrinologiya markazi Jizzax filiali issiqlik ta’minotining ahvoli, shuningdek 2-sonli ichki ishlar bo‘limi faoliyati o‘rganildi.
Viloyat prokurori o‘rinbosarlari tomonidan esa tuman va shaharlardagi dispetcherlik markazlari, avariya brigadalari faoliyati hamda ijtimoiy soha ob’ektlarining isitish tizimlari ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari Alisher Shamsiyev boshchiligidagi ishchi guruhi tomonidan Zarbdor tumanida qish mavsumini talofatsiz o‘tkazish, energiya resurslarini iqtisod qilish, ularni talon-toroj qilish holatlarini oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.


Qish mavsumini talofatsiz o‘tkazish bo‘yicha tashkil etilgan tuman shtabi faoliyati, tuman gaz va elektr ta’minoti korxonalarida navbatchilik tartibi va avariya brigadalari tayyorgarligi o‘rganilib, zarur ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.


Bundan tashqari, viloyat prokurorining o‘rinbosari Ma’ruf Xo‘jamqulov rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Sharof Rashidov tuman elektr tarmoqlari korxonasi va gaz ta’minoti bo‘limi mas’ullari ishtirokida dispetcherlik xizmatlari, qish mavsumini betalofat o‘tkazish bo‘yicha tashkil etilgan tuman shtabi faoliyati hamda tuman tibbiyot birlashmasining mavsumga tayyorgarlik ishlari o‘rganilib, mas’ullarga zarur topshiriqlar berildi.



O‘rganishlardan so‘ng viloyat, shahar va tumanlar shtablarining mas’ullari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Aholi xonadonlari, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlariga energiya resurslarini uzluksiz yetkazib berish hamda avariya holatlari bo‘yicha kelib tushgan murojaatlarni bartaraf etish yuzasidan topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA