Maqsad munosabatni belgilaydi
Mamlakatimizda noshirchilikni rivojlantirish, kitob nashr qilishni koʻpaytirish, kitobxonlikni oshirishga eʼtibor qaratilmoqda.
Maʼnaviyat
Mamlakatimizda noshirchilikni rivojlantirish, kitob nashr qilishni koʻpaytirish, kitobxonlikni oshirishga eʼtibor qaratilmoqda.
“Akademnashr” ijobiy koʻrsatkichlarga ega, barqaror faoliyat koʻrsatayotgan nashriyotlardan biridir. OʻzA muxbiri nashriyot bosh direktori Sanjar NAZAROVga kitobot sanʼati, kitobxonlik toʻgʻrisida savollar bilan murojaat qildi.
– Bolaligim kitoblar orasida oʻtgan. Uyimizda bir necha tildagi kitoblar boʻlardi, – deydi S.Nazarov. – Otam rahmatli rus, olmon tillarida ham bemalol mutolaa qilardi. Shuning taʼsirida maktabga chiqmasdanoq kitob oʻqishni boshladim. Sekin-asta kitob saralashni oʻrgandim. Varaqlaganim yuzlab kitoblar orasidan bir tur nashrlar alohida ajralib turardi. Ularni bemalol kitobot sanʼati, noshirchilikning choʻqqisi desa boʻlardi. Ular “Akademnashr” belgisi bilan chop etilgan kitoblar boʻlib, keksa avlod ziyolilariga juda yaxshi tanish edi. Shu-shu bu soʻz men uchun eng yaxshi kitob degan tushunchani anglatguvchi bir ramzga aylandi. Vaqti kelib oʻz nashriyotimga asos solar ekanman, faqat eng yaxshi kitoblarni nashr etish orzusida nashriyotni ham shunday nomladim. Bugungacha butun faoliyatimiz shu ishga – eng yaxshi kitoblarni chop etishga yoʻnaltirilgan.
2004-yilda bir guruh hammaslak, jonsarak ziyoli doʻstlarimiz bilan jahon tafakkuri durdonalarini oʻzbek tiliga oʻgirish va nashr etish loyihasini boshlaganmiz. Koʻpchilik yaxshi tanimaydigan oʻzbekning choʻng oʻgʻlonlaridan biri, katta estet-bibliofil, yozuvchi Mirzakalon Joʻrayev bu loyihaning boshida turgandi. Mirzakalon aka toʻsatdan vafot etgach, loyiha ham toʻxtab qolgan. “Akademnashr” – koʻp jihatdan oʻsha loyihaning davomchisi. 2008-yilda xususiy tashkilotlar orasida birinchilardan boʻlib noshirlik faoliyatini yuritish huquqini beruvchi litsenziyani qoʻlga kiritdik.
Oyoqqa turib olish, nosogʻlom bozor muhitida oʻrnimizni topish oson boʻlgani yoʻq, albatta. Biz tetapoya qila boshlagan paytlarda jamiyatimiz kitobdan ancha uzoqlashib qolgan edi. Mamlakatimizning eng yirik kitob doʻkonlaridan biri – “Sharq ziyokori”ning rahbari Umidjon Xoliqov qiziq va ayni paytda oʻta achinarli bir voqeani soʻzlab bergandi. Oʻsha yillarda kitob savdosini yoʻlga qoʻyish uchun ular bozorlardan birida koʻchma savdo uyushtirishgan. Kun oxirlab kitoblarni yigʻishtirayotgan paytda koʻrinishidan ziyolinamo bir kishi bozordan toʻrxalta koʻtargancha qaytayotgan ekan. Kitoblarni koʻrib, taajjublanib tomosha qila boshlagan. Orada kitoblar qayerdan keltirilganligiga qiziqqan. Oʻzimizda chop etilganligini eshitib, hayratlangancha: “Nima, bizda haliyam kitob chiqadimi?” deb soʻragan ekan. Ana shunaqa paytlarda noshirchilikka qadam qoʻydik. Xususiy nashriyotlarga oldindan tayyorlangan qolip orqali baho berish urchigan edi. “Xususiymisan – soqqakash, pulfurushsan. Maqsading puldan boshqa narsa boʻlishi mumkin emas” degan qarash bor edi. Shukrki, oʻshanda vaqtning kayfiyatiga taslim boʻlmadik. Falsafaning oltin qoidasi bor: “Maqsad munosabatni belgilaydi”. Noshirlikda doimo eng yuksak maqsadlarni orzu qildik. Bu esa munosabatimizni shakllantiraverdi.
– Bugun baʼzi nodavlat nashriyotlar pulning orqasidan chopayotganida, ayniqsa, adabiyot yoʻnalishidagi eng sara asarlarni chop etish orqali ziyolilar orasida ham anchagina obroʻ-eʼtibor qozondingiz. Nashriyotning pozitsiyasini kim belgilaydi?
– “Akademnashr”ning ajoyib jamoasi bor. Nashriyotning pozitsiyasini ular belgilashadi. Bizning savdo boʻlimimizni ham oliy maʼlumotli filolog boshqaradi, bosh hisobchimiz va matbaa boʻlimimizning boshligʻi esa jamoadagi eng kitobxon xodimlar. Yillik mavzular rejamizga ularning har biri oʻz taʼsirini oʻtkazmasdan qolmaydi. Ayni kunlarda nashriyot oʻz faoliyati davomidagi eng yaxshi ijodiy jamoaga ega boʻla oldi. Bu juda muhim. Chunki har bitta yaxshi xodimning ortida bitta shaxs turadi, shaxslar oʻz darajalarini ushlab turish masʼuliyatini yaxshi his qilishadi. Bu esa nashriyotni xato qadamlardan saqlaydi. Masalan, bosh rassomimiz Bahriddin Bozorov mamlakatimizda kitob dizayni sohasini yangi bosqichga olib chiqqan usta mutaxassis ekanligini bugun koʻpchilik tan oladi. Bu odamga past saviyali bironta kitobni maʼqullatish deyarli imkonsiz. Chunki, aytganimdek, nashriyot uchun masʼuliyatni his qilish bilan bir paytda shaxsning darajasini ushlab turish, “obroʻsiga toʻgʻri keladigan ish qilish” masʼuliyati ham bor. Bu nashriyot pozitsiyasining oʻzagini shakllantirib beradi. Agar “Akademnashr”da bironta ijobiy fazilat mavjud boʻlsa, bu nashriyot xodimlarining mehnatlari tufayli.
– Nashriyotga belgilanganidan koʻproq pul toʻlov qilib, oldi- qochdi, sayoz mazmunli kitoblar chiqarish holatlari ham boʻlganmi? Demoqchimanki, moddiy jihatdan majbur boʻlganmisizlar?
– Faoliyatimizning boshida bunaqa holatlar balki boʻlgandir. Chunki maoshdan maoshga yetib olish gʻamida yurardik. Doimo rejamizda nashr etilmasdan qolib ketayotgan oʻnlab kitoblar boʻlardi. Katta lavozimda ishlagan, havaskor bir shoirning yostiqday saylanmasini chiqazib, foydasiga rejadagi durdonalardan birini chiqarganimizni eslayman. Shukrki, oxirgi yillarda oyoqda mustahkam turib oldik. Hozir kitob maʼqul boʻlmasa, taklif qilinayotgan mablagʻdan qatʼiy nazar, rejaga kiritmaymiz. Qolaversa, nomimiz biz uchun ishlay boshlagan davrlarga yetib keldik. Hozir koʻpchilik mualliflar kitobi bizda bosilish-bosilmasligini oldindan oʻzlari ham bilishadi. Shuning uchun “biz istamaganlar” bizni koʻpam bezovta qilaverishmaydi.
– Kitob va kitobxonlikka davlat miqyosida eʼtibor qaratilayotgan kunlarga ham yetib keldik. “Akademnashr” yana qanday katta rejalarni koʻzlayapti?
– Sohaning ichidan turib qaraganda kitob va kitobxonlikning ahvoli juda havas qilgulik emas. Bizda kitob juda kam, fojiaviy darajada kam nashr etiladi. Rivojlangan mamlakatlar bilan taqqoslansa, bir necha oʻn marotaba farq bor. Tabiiyki, bu farq bizning ziyonimizga. Bolalar uchun zehnni oʻstiruvchi, ilmiy-ommabop nashrlar deyarli yoʻq. Sohaga berilgan imtiyozlarning bekor qilinishi, mualliflik huquqi himoyalanmaganligi va kitob mahsulotlarini qalbakilashtirishga qarshi hech qanday chora koʻra olmasligimiz yaqin kelajakda ahvol yanayam yomonlashishiga dalolat qiladi, afsuski. Bu haqda soʻnggi paytlarda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda juda koʻp chiqishlar qilindi, hozircha foydasi sezilmayapti.
Lekin harakatdan toʻxtash yoʻq. Rejalarimiz juda koʻp. Asosiy eʼtiborni bolalar uchun zehnni oʻstiruvchi, ilmiy-ommabop nashrlarga qaratmoqchimiz. Hozir shu yoʻnalishdagi xorij nashriyotlari bilan aloqa oʻrnatib, ulardan eng ilgʻor kitoblarning mualliflik huquqlarini sotib olish ustida ishlayapmiz. Adabiyot muxlislari uchun ham tayyorlayotgan sovgʻalarimiz bisyor. Jahon va oʻzbek adabiyotining eng ilgʻor namunalarini rejaga kiritganmiz. Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda “Soʻz chamani” deb nomlangan yangi ruknga asos soldik. Unga Navoiy, Atoiy, Lutfiylardan tortib Abduvali Qutbiddin va Baxtiniso Mahmudovalargacha boʻlgan ijodkorlarning eng sara sheʼrlari kiritiladi va choʻntakka sigʻadigan bichimda, lotin alifbosida nashr etiladi. Bu loyiha yosh avlodni adabiyot bilan oshno qilish yoʻlidagi jiddiy qadamlardan biri boʻlishidan umid qilayapmiz.
– Sanjar Nazarov oʻzi qanaqa kitobxon? Mutolaaga vaqt topiladimi?
– Vaqt ajratishga harakat qilaman. Chunki kitob oʻqimasdan na shaxs sifatida, na noshir va na tadbirkor sifatida oʻsa olmasligimni bilaman. Qoʻlga tushganini oʻqib keta olmayman, saralashga harakat qilaman. M.Veber, O,Gasset, K.Yung, E.Fromm, Z.Freyd asarlari taʼsirida dunyoqarashim, X.L.Borxes, A.Platonov (yaqinda shu ikki klassikni oʻzbek tilida nashr etishga musharraf boʻldik), K.Gamsun, U.Folkner, R.Akutagava, F.Dostoyevskiy, F.Kafka, A.Kamyu, H.Hesse, G.Markeslar taʼsirida didim shakllangan boʻlsa kerak. Ammo hozir qoʻyib berishsa, “Kapitan Vrungelning sarguzashtlari”, “Gulliverning sayohatlari”, “Kalila va Dimna”larni jon deb oʻqigan boʻlardim. Bu matnlar qatida bolaligim qolib ketgan, ular sogʻinchning timsoli men uchun.
Ozoda Bekmurodova suhbatlashdi.