Maqsad aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish
Mamlakatimizda tibbiyot sohasida ham keng miqyosli o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Mavjud shifoxonalar zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlanib, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati oshayotir. Buni Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi misolida ham ko‘rish mumkin.
Mazkur tibbiyot markazi 439 o‘ringa mo‘ljallangan. Shundan byudjet hisobida 216 o‘rin va 233 o‘rin xo‘jalik hisobida faoliyat ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga joriy yilda markazda xo‘jalik hisobidagi 18 o‘rinli reabilitatsiya bo‘limi ham tashkil etildi.
– Birgina joriy yilda markazimizning jarrohlik bo‘limlariga 900 million so‘mlik, shundan umumiy xirurgiya, urologiya, proktologiya, qon-tomir xirurgiyasi, yiringli xirurgiya, travmatologiya bo‘limlariga operatsion stollar, operatsion lampalar va koagullyator apparati xarid qilindi, – deydi markaz bosh shifokori To‘lqin Rasulov. – Bundan tashqari, fizioterapiya bo‘limi uchun fizioterapevtik apparatlar va urologiya bo‘limi uchun rezektoskop nabori “Transuretalnыy rezeksiyalar adenomalari” operatsiyalarini bajarish uchun xarid qilindi. Markazga qarashli “Golden Dragon” rusumli mikroavtobusda haftaning har chorshanba, shanba kunlari tor doiradagi mutaxassislar tomonidan shahar va tumanlardagi eng olis qishloqlarga borib chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etiladi, amaliy hamda metodik yordam ko‘rsatilmoqda.
Ta’kidlash lozimki, markaz xorijdagi nufuzli tibbiyot muassasalari bilan tajriba almashish bo‘yicha hamkorlikda memorandumlar imzolagan. Xususan, memorandumga asosan joriy yil 7 iyun kunidan – 2 iyul kunigacha Rossiya federatsiyasi sog‘liqni saqlash vazirligi Stavropol davlat tibbiyot universiteti tomonidan “Aktualnыye voprosы po nevrologii” mavzusida 16 nafar markaz va viloyat shifokorlari ishtirokida markazda onlayn tarzda sayyor sikl tashkil etildi.
Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hududi 6 gektardan iborat bo‘lib, bo‘limlardan maslahat diagnostika binosi bo‘limigacha radius masofasi 600 metrga teng bo‘lganligi sababli, markazda yotib davolanayotgan og‘ir bemorlarni tekshiruvlar va maslahatlarga olib borish hamda markaz hududida og‘ir bemorlarga xizmat ko‘rsatish maqsadida markaz tomonidan ishlab topilgan pullik xizmat hisobidan 2021 yil yangi “Damas” tez tibbiy yordam avtomashinasi xarid qilindi.
Aytish joizki, viloyat aholisiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish, kasalliklarni hududlar bo‘yicha chuqur o‘rganib, tahlil qilish va hududlarning o‘z xususiyatlaridan kelib chiqqan holda kasalliklarni oldini olish, kasalliklar profilaktikasi, diagnostikasi va davolashning zamonaviy va ilg‘or usullarini amaliyotga tadbiq etish maqsadida markazdagi urologiya, neyroxirurgiya, pulmonologiya, allergologiya, nefrologiya, gastroenterologiya va gematologiya bo‘limlarida kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, malakali mutaxassislar va zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalar bilan jihozlanib, mintaqaviy filiallar ochildi. Bundan tashqari markazda faoliyat yuritayotgan xodimlar uchun ham barcha shart-sharoitlar yaratildi. Jumladan, xodimlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun sport inventarlari bilan ta’minlangan sport zali ishga tushirildi.
– Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Germaniyaning KFW banki moliyaviy mablag‘lari hisobiga moliyalashtirilayotgan “Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarini modernizatsiyalash” loyihasiga markazimiz ham kiritilgan, – deydi T.Rasulov. – Hozirgi kunda ushbu loyiha doirasida markazga “PHILIPS” firmasining 1 million yevro qiymatilik, Niderlandiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy MRT uskunasi o‘rnatildi va ishga tushirildi. Qayd etish joizki, shu paytgacha markazning neyroxirurgiya bo‘limi mazkur loyiha asosida ko‘chma rentgen-tashxislash tizimi va portativ rentgen apparati “APELEM” bilan ta’minlangan edi. MRT uskunasining o‘rnatilishi mazkur xayrli tadbirlarning uzviy davomi bo‘ldi.
Shuningdek Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot turizm yo‘nalishi bo‘yicha olib borilayotgan faoliyatni yanada takomillashtirish maqsadida markazning barcha bo‘limlarida chet el va mahalliy sayyohlar uchun 2-3 kishilik, barcha qulayliklarga ega VIP palatalar va maxsus parhez taomlar ham tashkil etilgan.
Ma’lumki, 2020-2021 yillar jahon miqyosida yuzaga kelgan koronavirus pandemiyasi tufayli barcha davlatlar uchun murakkab va sinovli yillar bo‘lmoqda. Koronavirus balosi mamlakatimiz tibbiyot tizimi uchun ham jiddiy sinov, ham ulkan tajriba maktabi bo‘ldi. Eng muhimi koronavirusga qarshi kurashda tunu kun metin iroda bilan faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlarining fidokorona mehnatini munosib qadrlash doimiy e’tiborda.
– 2021 yil 10 iyul kunidan boshlab viloyatimizda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlar murojaati ko‘payganligi sababli, Qarshi shahar “Olimpiya zahiralari saralash va davolash markazi” ishga tushirilgan, – deydi T.Rasulov. – Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tibbiyot xodimlari mazkur markazda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga ertayu kech tibbiy xizmat ko‘rsatdi. Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni samarali davolash jarayonida ishtirok etdi. Ularning karantinga olingan fuqarolarni tibbiy kuzatuvga olishda fidoyilik bilan mehnat qilayotgan minglab tibbiyot xodimlari qatori shunday sinovli kunlarida qahramonlarcha olib borayotgan faoliyatlari tahsinga loyiq.
[gallery-3765]
O‘lmas Barotov,
O‘zA. Jamshid Norqobilov (surat)