Maqsad – aholi bandligini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining oʻrinbosari Nodir Yakubov Sirdaryo viloyati Sardoba tumanida aholi, ayniqsa yoshlar bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining oʻrinbosari Nodir Yakubov Sirdaryo viloyati Sardoba tumanida aholi, ayniqsa yoshlar bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Prezidentimizning joriy yil 2-martdagi “2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi doirasida tumanda bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, tuman hududidan 35 gektar yer maydoni ajratilib, “GREEN GARDEN COOPERATIVE” ishlab chiqarish kooperativi tashkil etildi va respublika Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qoshidagi jamgʻarma hisobidan 111 million 500 ming soʻm subsidiya mablagʻlari ajratildi. Kambagʻallik darajasida yashovchi ishga yaroqli va kam taʼminlangan oila aʼzolarining 50 nafari yangi ish oʻrinlari bilan taʼminlandi.
Tuman hokimligi tomonidan ajratilgan 40 gektar yer maydonida “Yoshlar bogʻi” barpo etilib, u yerda mehnat qilish uchun 40 nafar sardobalik ishsiz yoshlarning bandligi taʼminlanganini alohida taʼkidlash lozim. Bandligi taʼminlangan ana shu yoshlar bu ekin maydoniga oʻtqazgan qovun, tarvuz, oshqovoq va boshqa poliz ekinlari hamda turli mevali daraxt koʻchatlari barq urib yashnab turibdi.
Bundan tashqari, respublika Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi jamgʻarmasi tomonidan jami 18 million 732 ming soʻm subsidiya mablagʻlari ajratilib, kam taʼminlangan, kambagʻallik darajasida yashovchi va ehtiyojmand oilalarga yengil konstruksiyali issiqxonalar barpo etib berildi va natijada 28 nafar sardobalik fuqarolarning bandligi taʼminlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining oʻrinbosari Nodir Yakubov tumanda istiqomat qiluvchi ehtiyojmand, kam taʼminlangan, kambagʻallik darajasida istiqomat qiluvchi fuqarolarning xonadonlarida boʻlib, ularning holidan xabar oldi. Vazirlik tuman hokimligi bilan hamkorlikda tomorqachilikni rivojlantirish orqali ana shu oila aʼzolarining bandligini taʼminlash borasida aniq chora-tadbirlar belgilab oldi.