Mansabdor va tegishli maqomga ega shaxslar asossiz ta’qib va bosimlardan himoya qilinadi
Amaldagi qonunchilikda tegishli maqomga ega bo‘lgan shaxslarning daxlsizligiga oid normalar turli sohaviy qonunlarda tarqoq holda mavjud bo‘lib, ularni qo‘llashda yagona protsessual tartibning yo‘qligi amaliyotda muammolarni keltirib chiqargan.
Senat yalpi majlisida muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun anashu masala yechimiga qaratilgan.
– Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslar hamda “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlarga muhim tuzatishlar kiritilmoqda, – dedi Oliy Majlis Senati a’zosi Zumrad Bekatova. – Jinoyat-protsessual va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslar yangi boblar bilan to‘ldirilib, daxlsizlikka ega shaxslar doirasi (deputatlar, sudyalar, Ombudsman, prokurorlar, komplayens xizmati xodimlari, advokatlar va boshqalar) aniq tizimlashtirildi.

Ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish, rozilik olish, ushlab turish, qamoqqa olish, tintuv va tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazishning vakolatli sub’ektlari va qat’iy tartibi belgilanmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun mansabdor va tegishli maqomga ega shaxslarni asossiz ta’qib va bosimlardan himoya qilish, ularning o‘z xizmat vazifalarini mustaqil bajarishini ta’minlash hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida suiiste’mollikning oldini olishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA