Manfiy qoldiq summasi qaytarildi
Mamlakatimiz milliy soliq tizimidagi islohotlar albatta tadbirkorlik rivoji uchun muhim imkoniyatlar eshigini ochib bermoqda.
Mamlakatimiz milliy soliq tizimidagi islohotlar albatta tadbirkorlik rivoji uchun muhim imkoniyatlar eshigini ochib bermoqda. Ayniqsa, bugungi koronavirus pandemiyasi davrida tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qator imtiyozlar joriy etilmoqda.
Butun dunyoda kuzatilayotgan pandemiya xavfi mamlakatlar iqtisodiyotiga bevosita salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Eksport va import operatsiyalari sezilarli darajada qisqardi. Karantin tadbirlari qatʼiy joriy etilgan davlatlarda esa bunday iqtisodiy jarayonlarda keskin toʻxtalishlar kuzatilmoqda.
Respublikamizda bunday inqirozli vaziyatlarda tadbirkorlar va eksportyor korxonalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida qator imtiyozlar joriy etildi. Xususan, eksport faoliyatini amalga oshirganda qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha nol darajali stavkani qoʻllash, bunda hosil boʻlgan manfiy qoldiq summani eksportyorning hisob raqamiga qaytarib berish tartibi tadbirkorlar uchun muhim qulaylik boʻldi.
Navoiy viloyati Navbahor tumanida faoliyat koʻrsatayotgan “BRIGHT NAVOI TEXTILE” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxonasi asosiy ish faoliyati paxta tolasidan ip-kalava mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Korxonaning yillik quvvati 4 ming tonna ip-kalava mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil qiladi. Bugungi kunda korxonada 175 nafar ishchi xodim mehnat qilmoqda.
Korxonada ishlab chiqarilgan ip-kalava mahsulotlari Rossiya Federatsiyasi, Xitoy va Turkiya davlatlariga eksport qilinadi.
Mazkur yengil sanoat korxonasi tomonidan 2019-yilda 3 million 625 ming AQSH dollarlik ip-kalava eksport qilindi.
– Biz ishlab chiqaruvchilar uchun eksportni yana-da rivojlantirish, faoliyatimizni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Soliq qoʻmitasi tomonidan imtiyoz taqdim etilgani ayni muddao boʻldi, – deydi korxona direktori S.Eshmirzayev. – Sababi bu imkoniyat bugungi sinovli davrda ishlab chiqarish barqarorligini taʼminlash, xalqimiz va jamiyatimiz uchun munosib hissa qoʻshishda muhim koʻmakdir.
Oʻz oʻrnida, korxona tomonidan eksport qilingan mahsulot uchun qoʻshilgan qiymat soligʻidan 2019-yilda hosil boʻlgan manfiy qoldiq 3 milliard 250 million soʻmni tashkil qilib, ushbu mablagʻ toʻligʻicha korxona hisob raqamiga kelib tushdi.
Ushbu mablagʻlar hisobidan korxona tomonidan ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish maqsadida qurilish ishlarini amalga oshirish, ishlab chiqarish quvvatlarini yana-da oshirib, qoʻshimcha 30 ta yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilmoqda.